Ijro intizomiga rioya etish ishimizda unum va sifat bo‘lishini ta’minlaydi

Eng avvalo, har bir rahbar ish faoliyatida, kundalik turmushida mas’uliyatni his etsa, kasbiga bo‘lgan fidoyilik, bilim va malakasini ishga solib amalga oshirilayotgan islohotlarning faol tashabbuskori va ijrochisiga aylansagina, intizom o‘z so‘zini aytadi, alabatta. Shundagina ishda unum, amalga oshirilayotgan islohotlarda natija bo‘ladi.

Zero, Surxondaryo bugun har jihatdan rivojlanib, kechagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan hududdan sanoati rivojlanib borayotgan, barcha sohalarda yangilanish va bunyodkorlik sari yuz tutib, xalqaro munosabatlarda ham peshqadam hududga aylanib bormoqda. Erishilayotgan bu kabi ulkan yutuq va natijalar zamirida, qo‘lga kiritilayotgan marralarda ijro intizomiga to‘laqonli amal qilishni viloyatda faoliyat yuritayotgan har bir mas’ul rahbar o‘zining pirovard maqsadi deb bilishi natijasidir. Ijro intizomi bu shaxsiy mas’uliyat, “temir intizom”, kasbga bo‘lgan mehr va professional mahoratdir.

Bugungi kunda Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan olib borilayotgan odilona va oqilona siyosat tufayli erishilayotgan natijalarning tub negizida yotgan eng muhim va dolzarb masala ham shubhasiz ijro intizomiga so‘zsiz rioya etish sanaladi. Qolaversa, mamlakatimizda chiqarilayotgan Qonun, Farmon, qaror va O‘zbekiston taraqqiyoti uchun muhim bo‘lgan islohotlarning hayotga tatbiq etilishida, aholining farovon turmushini ta’minlash, barcha sohalarda ilg‘or natijalarga erishishda ham ijro intizomi muhim o‘rin egallaydi.

Respublikamizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar hamda qonun hujjatlarining ijrosini o‘z vaqtida va munosib tarzda real hayotga tatbiq etish har bir rahbar va xodimning burchi hamda vazifasi hisoblanadi.

Qonunchilik hujjatlari ijrosini tashkil etish va samarali monitoring tizimini yaratish hamda belgilangan maqsadlarga erishish bo‘yicha barcha darajadagi rahbarlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish maqsadida muhtaram Prezidentimizning 2021-yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 6166-son Farmonining qabul qilinganligi ham davlat idoralari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash imkonini berdi.

Bu esa har bir rahbar kadrning ijro intizomiga amal qilishi, ishda mas’uliyat bilan yondashib, amalga oshirilayotgan ishlarni tizimli nazorat qilish bo‘yicha aniq vazifa belgilandi. Mazkur Farmonga asosan viloyatimizda ham “Yo‘l xarita”siga muvofiq ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilib, ularning natijasi monitoring qilib borilmoqda.

Zero, mamlakat taraqqiyoti, rivojlanish va yangilanishlar jarayonida hayotga tatbiq etilayotgan har bir muhim hujjatda belgilangan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash doimo diqqat markazimizdadir. Qolaversa, davlatimiz Rahbarining e’tibori va amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida viloyatda ko‘plab qurilish, bunyodkorlik, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi.

Barcha sohalarda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasini har bir mahalla va xonadongacha yetkazish, topshiriqlar ijrosini ta’minlashni, endilikda esa “fuqarobay” ishlash tizimini joriy etib, har bir fuqaroning hayotda o‘z o‘rnini topishi, daromad manbayiga ega bo‘lib jamiyatning faol fuqarosiga aylantirish orqali, aholini kambag‘allikdan chiqarishni hududagi har bir mas’ul rahbar birinchi galdagi vazifamizga aylantirib olganmiz.

Murojaatlar manzilli hal etilmoqda

Prezidentimizning tashabbuslari bilan bugungi kunda inson qadri toboro yuksalib, fuqarolarning barcha yo‘nalishlardagi taklif va tashabbuslari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy masalalardagi izchil islohotlar fikrimiz tasdig‘idir.

Yana bir muhim jihatga alohida e’tibor qaratsak. Fuqarolarning dardiga quloq tutish, muammo va masalalarini hal etishni eng muhim vazifa deb bilgan holda bugungi kunga qadar aholi bilan joylarda 17 marotaba ommaviy sayyor qabullar orqali, 1 marotaba “Xalq bilan muloqot” rukni ostidagi teleko‘rsatuvi orqali murojaat qilgan jami 4 421 nafar fuqarolarning 4 600 dan ortiq muammolari tinglanib, 3 271 tasi ijobiy hal qilindi.

Bundan tashqari, o‘tkazilgan sayyor qabullarda aholining murojaatlari asosida ichki yo‘llarda tosh shag‘al va asfal’t qoplamalarini yotqizish uchun, 10 mlrd 154 mln so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi, shundan 8 mlrd 238 mln so‘m bitum sotib olish uchun, 1 mlrd 916 mln so‘m yoqilg‘i sotib olish uchun sarflandi.

Aholining tizimli muammolarini aniqlashda ommaviy axborot vositalari, jurnalist va blogerlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Hamkorlik natijasida bloger va jurnalistlarimizdan 1 200 dan ziyod murojaat va muammoli masalalar kelib tushgan bo‘lib, ushbu masalalar ijobiy hal etilib, aholining roziligi ta’minlanmoqda.

Aholi bandligi - farovonlik omili

Aholi bandligi ta’minlansa, real daromadlari ortib, oilalar farovonligi oshadi. Viloyat hududida “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”ning o‘tgan 6 oyi davomida shu yo‘nalishdagi amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va yil yakuniga qadar belgilab olingan rejalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, viloyatimizda joriy yilning yanvar’-avgust oylarida 273,7 ming ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan bo‘lib, amalda 315,3 ming ta ish o‘rinlari yaratildi.

Vaholangki, bu boradagi ishlarimizni yanada jonlantirib, yil yakuniga qadar viloyatda birgina savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida 80,5 ming nafar aholining bandligi ta’minlashni maqsad qilganmiz.

Shu o‘rinda, viloyatda mehnatga layoqatli birorta ham ishsiz fuqaro bo‘lmasligi, har bir oilaning turmushi obod, real daromadlari yuqori bo‘lishini maqsad qilgan holda harakat qilishimiz zarur.

Surxondaryoda “Sayxunobod tajribasi”

Viloyatni har tomonlama rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning uzviy davomi sifatida hududda “Sayhunobod tajribasi” asosida aholi bandligi ta’minlanib, fuqarolar tadbirkorlikka jalb etilmoqda. Tijorat banklari ishtirokida har bir mahallaning ixtisoslashuvi va imkoniyatlaridan kelib chiqib, biznes-rejalari ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilmoqda.

Qolaversa, vohamizning har bir qarich oltinga teng unumdor yerida tomorqadan yuqori daromad ko‘rish va qishloq xo‘jaligidan samarali foydalanib, iqtisodiy salohiyatni yanada oshirish ustuvor vazifalarimizdan biridir. Mavjud yerlardan samarali foydalanish bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularni daromadini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-153-son qaroriga asosan, Surxondaryo viloyatida joriy yilda 25 059 gektar yer maydonlarini yangidan o‘zlashtirish va qayta foydalanishga kiritish belgilangan bo‘lib, berilgan topshiriqni yil yakuniga qadar to‘liq amalda bajaramiz.

Yer maydonlarini foydalanishga kiritish bo‘yicha aniq maqad va rejalarimiz bor. O‘zlashtirilgan hamda qayta foydalanishga kiritigan yer maydonlariga qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilib, yuqori hosil olish choralarini ko‘rayapmiz. Xususan, “Pomir Agroklaster” MChJ XK tomonidan Jarqo‘rg‘on va Qumqo‘rg‘on tumanlarida 10 891 gektar yer maydonlari shudgor qilindi, “Oqtepa suv ombori”dan ko‘tarma nasos stansiyasini qurish, hududgacha bo‘lgan 21 km masofaga irrigatsiya tarmog‘i tortish, suv omboridan 13 km masofadagi eng baland nuqtadan 5 gektarli qurilish ishlarida 7 km masofaga metal quvurlar tortish ishlari o‘rnatilib, ya’ni 1,5 km quvur zaxirasi yaratilgan.

O‘tgan yillar bilan hisoblaganda suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 64 ta mahallalarda tomorqalarni sug‘orish uchun 101 ta quduqlarni qazish harajatlarini qoplab berish uchun 11,9 mlrd so‘m subsidiya ajratildi. Natijada 2 963 ta xonadonning 358 gektar tomorqa yerlarida kamida ikki marta ekin ekish va qo‘shimcha daromad olish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, 59 ta mahallaning 2,4 mingta aholi xonadonlarida dorivor o‘simliklarni kooperatsiya usulida yetishtirish yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, 482 mingta aholi xonadonidagi 49,5 ming gektar tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish va yuqori daromad olishni namuna tariqasida tashkil etish bo‘yicha har bir mahalladan 5 tadan - 7 tagacha, jami 3 863 ta xonadon tanlab olinib, ularga jami 88,6 mlrd so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi. O‘ylaymanki, bu boradagi ishlarimiz ham ijobiy samara berib, natijasi aholi turmushida, hududning ijobiy ko‘rsatkichlarida o‘z aksini topadi.

Investitsiya - taraqqiyot garovi

Hududni har tomonlama rivojlantirishning muhim omillaridan biri bu shubhasiz hududga xorijiy investitsiya jalb qilishdir. Bu boradagi ishlarimizga to‘xtaladigan bo‘lsak, viloyatda investitsiya dasturi doirasida 91 ta sanoat loyihalari ishga tushirildi. 2024-yilda 625 mln dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirishni reja qilganmiz.

Rejaga asosan, joriy yilning yanvar-avgust oylarida 494 mln dollar o‘zlashtirildi. Investitsiyalar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,5 barobar o‘sdi. O‘zlashtirilgan investitsiyalarning 30 foizi yoki 149,9 mln dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni va 70 foizi yoki 344,1 mln dollari xorijiy kreditlarni tashkil qildi. Yil yakuniga qadar 131 mln dollar miqdorida xorijiy investitsiyalar va kreditlar o‘zlashtirilib, belgilangan rejani to‘liq ijrosini ta’minlash choralari ko‘riladi.

Joriy yilning o‘zida viloyatda jami 10 ta xorijiy davlatlarning rasmiy vakillari hamda tadbirkorlari bilan 67 marotaba ikki tomonlama muzokoralar o‘tkazilib, o‘tkazilgan uchrashuvlar natijasida jami 4,7 mlrd dollarlik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Birgina misol, Xitoyning “Pover Uhuru Share Limited” kompaniyasi bilan qiymati 20,0 mln dollarga teng bo‘lgan Angor tumani “Bahor” MFY hududida “Top quality Brand” MChJ korxonasi bilan jelatin ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Loyiha uchun yer maydonlari tanlanib, qurilish ishlari boshlab yuborilib, uskunalar olib kelish bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Vengriyaning “Bankonzult” Kft. kompaniyasi hamda “Surxon sanoat qurilish” MChJ bilan birgalikda qiymati 10 mln dollarlik 5000 bosh chorvachilik kompleksini tashkil etish loyihasi va sutni qayta ishlash loyihasini ishga tushirish amalga oshiriladi. Yaponiyaning “Ark edukational systems” kompaniyasi va “Surxon sanoat qurilish” MChJ bilan hamkorlikda qiymati 8,0 mln dollarlik “O‘zbekiston-Yaponiya texnologiya universiteti"ni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilgan bo‘lib, hozirda axborot texnologiyalari va xizmat ko‘rsatish kasb hunar kolleji binosini ta’mirlash ishlari boshlab yuborilgan.

Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar hududiy investitsiya dasturi doirasida 325 ta investitsiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga 11 ming ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi, shundan 168 ta yangi sanoat korxonani ishga tushiramiz.

Shuni mamnuniyat bilan ayta olamanki, yangi korxonalarning ishga tushirilishi bevosita aholi turmushi farovonligi, qolaversa yangidan yangi ish o‘rinlari yaratilishi kafolatidir.

Qishloq xo‘jaligi rivojlanyapti, sanoatdagi ulushimiz ham sezilarli oshmoqda, endilikda navbat yetishtirilayotgan mahsulot va ishlab chiqarilayotgan tovar va xizmatlarni o‘z xaridoriga yetkazish, yani eksport masalasi dolzab masalaga aylanadi. Eksport yo‘nalishiga alohida to‘xtaladigan bo‘lsak, 2024-yilda 360 mln dollarlik eksportni amalga oshirib, eksport ko‘rsatkichimizni o‘tgan yilga nisbatan 154 foiz oshirishga oldimiga maqsad qilganmiz. Birgina joriy yilning yanvar-avgust oylarida 193,9 mln dollarlik eksport amalga oshirildi.

Viloyatimizda mavjud korxonalar tomonidan 31 ta davlatga eksport amalga oshirilgan bo‘lsa, shundan 90 foizi 5 ta davlat hissasiga to‘g‘ri keladi. Bular, Rossiya, Pokiston, Xitoy, Afg‘oniston va Qozog‘iston.

Bundan tashqari, Malayziya, Peru, Singapur, Quvayt, Saudiya Arabistoni kabi davlatlar bozorlariga mahsulotlarimiz kirib borishi hisobiga jami 149,3 ming dollarlik kalava-ip, gilos, shaftoli mahsulotlarini eksport qildik. Viloyatimizdagi 165 ta korxona eksport faoliyatini amalga oshirgan bo‘lsa, shundan, 55 tasi sanoat korxonalari, 110 tasi meva-sabzavot korxonalaridir.

Ushbu korxonalar tomonidan bir martalik tibbiyot shprislari, tibbiyot mazlari, avtomobil moylari, qurilish materialllari, dekorativ oynalar, suv inshootlari uchun ehtiyot qismlar, olovga bardoshli g‘ishtlar, qamish qirindisidan DSP, neft-gaz korxonalari uchun fakel qurilmasi va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. 2024-yil yakunigacha 39 ta loyiha doirasida 252,9 mlrd so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Xususan, yangilanadigan dasturga asosan gilam mahsulotlari ishlab chiqarish uchun sun’iy tola va lateks kleyi, gipsakarton mahsulotlari, koks, infuzion eritmalar, steviya dorivor o‘simligini qayta ishlash va qadoqlash, agrobentofos mineral o‘g‘iti, elektrotexnika, charm, sho‘r suvni sanoatda ishlatish uchun filtirlash uchun uskuna ishlab chiqarish kabi bir qancha yangi turdagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar o‘zlashtiriladi.

“Ma’naviyat sektori”dan so‘z ochsak

Davlatimiz rahbari “Manaviyat boshqa sohalardan oldinda yurishi, yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak” deya nihoyatda muhim va mamlakat taraqqiyoti uchun zarur g‘oyani ilgari surib, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdilar.

Qachon hudud obod bo‘ladi, qachon aholi turmushi farovon bo‘lib, yurtga dahldrlik hissi bilan yashay va kelajakka teran nigoh bilan qaray boshlasagina obod bo‘ladi. Qachonki aholining ma’naviyati boy, dunyoqarashi keng, fikri teran bo‘lsa, ana shundagina ko‘zlangan natijaga erishish, islohotlarni to‘laqonli hayotga tatbiq etish ijobiy samara beradi.

Hurmatli Prezidentimizning 2023-yilning 16-17-noyabr kunlari “Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholini sifatli ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” o‘tkazgan yig‘ilishida berilgan topshiriq ijrosi yuzasidan “Surxondaryo viloyatida namuna sifatida “Ma’naviyat sektori” joriy etildi”. Bu boradagi tizimli ishlar natijasida ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ishlar tamomila yangicha ko‘rinish kasb etib, sohada sezilarli islohotlar amalga oshirildi. Xususan, viloyatdagi 965 ta maktab, 454 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 7 ta oliy ta’lim, 54 ta professional ta’lim muassasasi, 360 ta tashkilot va korxonalar hamda 724 ta mahallalarda jami 2 564 ta “Ma’naviyat sektori” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Kitobxonlikni targ‘ib qilish va aholining g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetini kuchaytirishga qaratilgan media targ‘ibot makonini yaratish maqsadida 1 011 ta targ‘ibot-tashviqot materiallari tayyorlandi.

O‘ylaymanki, ma’naviyat, ziyo ulashishdek muhim tashabbuslarimiz hamda amaliy harakatlarimiz xalqimiz turmushida, farzandlarimiz kelajagida o‘z so‘zini aytadi.

Tibbiyotda “tesha tegmagan” islohotlar

Aholi salomatligini ta’minlash, eng so‘nggi tajriba va texnologiyalar asosida xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish ustuvor vazifamiz sanaladi. Negaki, xalqimiz salomat bo‘lsa, ishimizda unum va baraka, rivojlanish bo‘laveradi. Ayni shu maqsadda aholiga ko‘rsatiladigan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami sifatini oshirish hamda kasalliklarni viloyatimizning o‘zida davolashni tashkil etishga asosiy e’tibor qaratmoqdamiz.

Hurmatli Prezidentimiz tashriflari davomida aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi tizimni takomillashtirish, surunkali kasalligi mavjud bemorlarni sog‘lomlashtirish, patronaj tizimini yangi bosqichda amalga oshirish borasida “Surxondaryo tajribasi”ni joriy etish va namuna sifatida Angor tumanida amalga oshirilgan ishlarni viloyatning barcha tumanlariga joriy etish vazifasi yuklatilgan bo‘lib, tibbiyotning birlamchi bug‘inni rivojlantirish uchun alohida e’tibor qaratilib, Angor tumanida tajriba sifatida patronaj tizimi joriy etildi hamda bu tizim viloyatning boshqa tumanlarida ham joriy etilmoqda.

Shu bilan birga, joriy yilda viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi negizida 300 o‘rinli davolash va 450 o‘rinli o‘quv xonalariga ega barcha yuqori texnologiyali tibbiy aparaturalarni hamda mutaxassislarni o‘zida mujassamlashtirgan “Tibbiyot klasteri” tashkil etilmoqda.

Bundan tashqari yil yakuniga qadar 30 ta tibbiyot muassasalari ta’mirlanadi, 50 ta zamonaviy tez tibbiy yordam mashinalari keltiriladi, 140 mlrd so‘mlik zamonaviy tibbiy asbob va jihozlar keltirilib, aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishi yaxshilanadi.

Hususan, viloyatda yil boshidan 10 ta oilaviy shifokorlik va oilaviy poliklinikada ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi va hozirgi kunda investitsiya dasturi doirasida 5 ta birlamchi muassasalarda rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda va joriy yilning oktabr oylarida foydalanishga topshiriladi.

Shuningdek, 3,1 mlrd so‘mlik 117 ta stomotologik apparaturalar va 4 ta turdagi tibbiy jihozlar keltirildi, bundan tashqari, 96 ta oilaviy poliklinikalar fizioterapevtik apparatlar bilan jihozlandi.

Natijada qishloq huddudida istiqomat qiluvchi aholining tuman markazlariga qatnovining keskin kamayishiga erishilmoqda. Viloyatga 10 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ hisobiga yuqori texnologiyali tibbiy apparaturalar keltirildi. Jumladan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Surxondaryo filialiga Angiograf, Fizioteriya va pulmonologiya markaziga Artroskop, Angor tumaniga mamograf apparatlarining keltirilishi aholimizga keng imkoniyatlar yaratib berdi. Respublika ona va bola salomatligi markazi viloyat filiali tashkil etildi va zamonaviy tibbiy apparaturalar bilan jihozlandi. Viloyatda birinchi marotaba ochiq yurakda jarrohlik amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, shu kunga qadar 50 nafarga yaqin bemorda bu amaliyot muvafaqqiyatli amalga oshirildi.

Bolalar orasida 900 nafardan ortiq tug‘ma yurak nuqsoni mavjud bolalar mavjudligini inobatga olib, joriy yilda viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 15 mlrd so‘m mablag‘ ajratilib, “Bolalar kardioxirurgiya” bo‘limi tashkil etiladi.

Tibbiyot muassalarini jihozlash uchun Davlatimiz rahbari tomonidan 50 mlrd so‘m mablag‘ ajratilib, viloyatga zamonaviy tibbiy jihozlar olib kelinmoqda. Viloyatga 8 dona gemodializ apparati keltirilib, 6 tasi Denov tumaniga, 2 tasi Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Surxondaryo filialiga o‘rnatildi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsam, bugun Surxondaryoda yangi imkoniyatlarni ishga solinib, yangi qirralarini namoyish etib, ulkan o‘zgarishlar bilan dunyoga yuz tutmoqda. Biz o‘zimizda mavjud ulkan imkoniyatlardan ilm-fan, aniq rejalar asosida samarali foydalanib, elimizga manfaat keltiradigan katta natijalar sari intilayapmiz. Ishonamanki, birgalikda oldimizda turgan yangi marralarni, albatta, zabt etamiz.

 

Ulug‘bek Qosimov,
Surxondaryo viloyati hokimi

«Yangi O‘zbekiston» gazetasi 202-soni, 2024-yil 5-oktabr