Surxondaryo viloyatining 721 ta mahallasida “Hokim yordamchisi” lavozimiga ochiq tanlov e’lon qilinadi
Hozirgi kunda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining daromadi va xarid qobiliyatini oshirish, ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan mahallalar bilan manzilli ishlash va ularning “o‘sish nuqtalari”ni hayotga tatbiq etish maqsadida hududlarda tashkil etilgan “mahallabay” ishlash tizimi o‘z samarasini bermoqda.
Endilikda “mahallabay” ishlash tizimini keyingi bocqichga olib chiqish mahallaning o‘zida turib, barcha masalalarni hal qilish choralarini ko‘rish faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadida respublikada ilk marotaba tajriba tariqasida “Hokim yordamchisi” lavozimi joriy etilmoqda.
Lavozimga qo‘yiladigan asosiy talablar:
— Hokim yordamchisi lavozimiga oliy ma’lumotli, mahallaning shart-sharoitini yaxshi biladigan, moliya va iqtisodiyot sohasida kamida 2 yil mehnat stajiga hamda tadbirkorlikni rivojlantirish, fuqarolarning biznes loyiha va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalarida tajribaga ega bo‘lgan, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish, Moliya, Bandlik va mehnat munosabatlari, Investitsiya va tashqi savdo boshqarmalari, viloyat soliq boshqarmasi, tijorat banklari viloyat filiallari va boshqa iqtisodiy va investitsiya kompleksiga kiruvchi boshqarma va idoralar, hamda ularning shahar va tumanlar bo‘linmalarining bo‘lim (sho‘ba) boshlig‘idan past bo‘lmagan lavozimda ishlovchi rahbar xodimlari tayinlanadi.
“Hokim yordamchisi”ning asosiy vazifalari:
— “Xonadonbay” so‘rovlar o‘tkazish orqali mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy holatini aniqlash (pasportini shakllantirish);
— Mahallaning ixtisoslashuvi va “o‘sish nuqtalari”dan kelib chiqqan holda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish choralarini ko‘rish, ishsiz aholini kasb-hunarga o‘qitish, ishga joylashish istagini bildirgan ishsizlarni bandligini ta’minlash va aholini o‘zini-o‘zi band qilishga ko‘maklashish;
— “Ijtimoiy shartnoma” tizimi orqali tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan fuqarolarga, jumladan ayollar va yoshlarga kredit hamda subsidiyalar ajratish;
— Tadbirkorlik subyektlarining biznes loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish, mavjud muammolarini “mijozbay” o‘rganish hamda hal etish orqali tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishga amaliy yordam ko‘rsatish, mavjud instrument va resurslardan samarali foydalanishni tashkil etish;
— Hududiy va investitsiya dasturlariga takliflar ishlab chiqish hamda mahallaning rivojlanishiga doir dasturlar ijrosini nazorat (monitoring) qilish;
“Hokim yordamchisi”ning mavjud imkoniyatlari:
— Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida har bir mahalladagi xonadonlarga va yangi tashkil etiladigan tadbirkorlik subyektlariga kredit ajratish uchun kredit resurslari limiti ixtiyori beriladi.
— Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan ishsiz fuqarolar uchun asbob uskunalar va mini texnologiyalar xarid qilishga har bir mahallaga subsidiya uchun kupon beradi.
— Haq to‘lanadigan jamoat ishlariga fuqaroni jalb qilish uchun har bir mahallaga kupon beradi.
— Har bir mahallada fuqaroni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish uchun vaucher beradi.
— Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kredit, subsidiyalar, moddiy yordam va nafaqalar ajratish uchun xulosa beradi.
— “Ijtimoiy shartnoma”larni imzolash hamda shartnoma shartlarining bajarilishini ta’minlaydi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Surxondaryo viloyatining 721 ta mahallasida “Hokim yordamchisi” lavozimiga ochiq tanlov e’lon qilinadi.
Har bir “Hokim yordamchisi” tegishli mahallada xona, zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari hamda yuqori (ishga qabul qilingunga qadar avvalgi ish joyi bo‘yicha o‘rtacha ish haqi miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorda) maosh bilan ta’minlanadi.
Bundan tashqari, nomzod ushbu lavozimga tayinlangan kundan e’tiboran milliy kadrlar zahirasiga kiritilib, mehnat faoliyatining natijadorligiga ko‘ra lavozim bo‘yicha o‘stirib boriladi.
Barcha fidoyi kadrlarimizni ushbu tanlovlarda kutib qolamiz.
Murojaat uchun telefonlar: +99874 (223-46-60), +99893 (767-65-64)
Ma’lumotnoma (obyektivka) yuborish uchun +998 33 134 12-30, +998 91 907 45-45 telegram raqami.