To‘ra Bobolov voha markazidan 230 kilometr olisdagi mahalla ahli bilan uchrashdi

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Boysun tumanida bo‘lib, dastlab an’anaviy «Boysun bahori» xalqaro folklor festivali bo‘lib o‘tadigan Padang qishlog‘i kengliklarida «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida tashkil etilgan ko‘chat ekish tadbirini boshlab berdi.

Joriy yilning 2 noyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyeyoyev  raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tuman markazlari, shaharlar va boshqa aholi punktlarida ekologik vaziyat hamda tevarak-atrof musaffoligini yaxshilash maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish yuzasidan vazifalar belgilab berilgan edi. Shunga muvofiq Surxondaryo viloyatida ham hududlarni ko‘kalamzorlashtirib, ko‘chat ekish uyushqoqlik bilan boshlandi.  

Mazkur loyihaga ko‘ra, viloyat bo‘yicha kuz faslida 6 million 500, bahor mavsumida 10 milliondan ortiq ko‘chat ekish mo‘ljallanmoqda. Shundan 1 million 634 ming donasi tog‘li Boysun tumanida qadaladi. Purviqor tog‘lar qo‘ynidagi Padang kengliklariga viloyat rahbari boshchiligida mingga yaqin nina bargli daraxt ko‘chatlari ekildi.  

Shu kuni viloyat hokimi tog‘li tuman markazidan 80 kilometr olisdagi  Xo‘jaidod mahallasida qayta rekonstruksiya qilingan 50 qatnovga mo‘ljallangan Qo‘rg‘oncha qishloq shifokorlik punktini foydalanishga topshirish marosimida ishtirok etdi.  

 

Tog‘li olis hududdagi birlamchi tibbiyot muassasasini tubdan yangilab, zamonaviy sharoitlarni yaratish uchun 2 milliard 140 million so‘m mablag‘ sarflandi. Bu yerda 30 nafar oliy, o‘rta, kichik tibbiy, ishchi xodimlar Duoba, Xo‘jaidod, Dehibolo va O‘rmonchi mahallalarida yashaydigan 6 ming 167 nafar aholiga xizmat ko‘rsatadi. Tog‘lar qo‘ynida istiqomat qilayotgan yoshu-keksa uchun qishloq shifokokrlik punktida barcha qulaylik yaratilgan.

Viloyat hokimi  hududda «Obod qishloq» dasturi asosida rekonstruksiya qilingan 18-maktabda o‘qituvchi va o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi. Bu yerda o‘quvchilar bilan dildan suhbatlashib, ularning fikrlarini tingladi. Maktab fondiga badiiy–siyosiy va boshqa turdagi kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi.  

 

Xo‘jaidod mahallasi shu  yil «Obod qishloq» davlat dasturi doirasida  qiyofasini tubdan o‘zgartirib, aholi uchun qator qulayliklar yaratildi. Jumladan,14 kilometr ichki yo‘lga shag‘al yotqizilib ijtimoiy soha obyektlariga optik tolali aloqa tarmoqlari tortildi. 18–, 44 –  maktablar rekonstruksiya qilinib, 44– maktab filiali yangidan qurildi. 2 dona yangi transformator o‘rnatilib, 6 chaqirimdan ortiq elektr simlari yangilandi. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun 15,5 kilometr masofaga suv quvuri yotqizildi.

Hududning o‘zida  viloyat hokimi To‘ra Bobolovning fuqarolar uchun sayyor qabuli tashkil etildi. Unda viloyat sektorlar, aloqador boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.  

 

Yuzma-yuz muloqotda Duoba, Xo‘jaidod, Dehibolo va O‘rmonchi mahallalari vakillari  viloyat hokimiga ichimlik suvi, yo‘l va ko‘prik qurish, oliy ta’lim muaassasalarining tibbiyot yo‘nalishida tahsil olish uchun mahalla yoshlariga kvota ajratish kabi masalalarni o‘rtaga tashladi. Murojalarning aksariyati joyida hal etildi. Muddat talab etadigan masalalar yuzasidan mutasaddi rahbarlarga tegishli topshiriq berilib, ijrosi qatiy nazoratga olindi.