Surxondaryoda tibbiyot xodimlari sharaflandi

Termiz shahridagi “Аzizbek“ tantanalar saroyida oʼtkazilgan bu galgi bayram tadbiri har yilgidan-da koʼtarinki kayfiyatda tashkil etildi. Unda shifokorlar, hamshiralar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, madaniyat va sanʼat namoyandalari ishtirok etdi.
Bayram tadbirida Surxondaryo viloyati hokimi Toʼra Bobolov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning mamlakatimiz sogʼliqni saqlash sohasi xodimlariga yoʼllagan bayram tabrigi oʼqib eshittirdi.
Prezidentimiz tabrigida taʼkidlanganidek, tinchlik va sogʼliq – bu har bir inson, butun aholimiz uchun hech narsa bilan oʼlchab, baholab boʼlmaydigan buyuk neʼmat. Faqat sogʼlom inson va xalq mislsiz ishlarga qodir boʼladi.
Shu maʼnoda, mamlakatimizda sogʼliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, avvalo, inson manfaatlarini taʼminlash, fuqarolarimiz salomatligini mustahkamlashga, ularning hayotdan, bugungi davr islohotlaridan rozi boʼlib yashashiga xizmat qilmoqda.

Buni Surxondaryo viloyati misolida aytadigan boʼlsak, voha aholisi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida joriy 2021 yilda 12 ta oilaviy shifokorlik punkti 1 ta oilaviy poliklinika tashkil etildi.
Sogʼliqni saqlash tizimida xususiy sektorni yanada rivojlantirish maqsadida 2021 yil davomida 69 ta tibbiyot muassasasining faoliyati kengaytirilib, mavjud xususiy muassasalar soni 286 taga yetkazildi. Ularning 71 tasi statsionar, 215 tasi ambulator yoʼnalish boʼyicha faoliyat yuritmoqda. Yil yakuniga qadar 14 ta xususiy tibbiyot muassasa tashkil etilib, ularning soni 300 taga yetkaziladi.
Viloyat kardiologiya markaziga 7,1 mlrd. soʼmlik 10 turdagi tibbiy asbob-uskunalar olib kelindi, Аritmologik kompleks tizimi yaratildi va yurakning murakkab aritmiyalarini xirurgik yoʼl bilan davolash yoʼlga qoʼyildi. Markazda akademik V.Voxidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi yetuk mutaxassislari ishtirokida viloyatda birinchi marotaba diagnostik maqsadida 2021 yil 5-6 yanvar kunlari 25 nafar bemorlarda koronagrafiya tekshiruvi oʼtkazildi hamda koʼrsatma boʼyicha yurak toj tomirlariga stentlash amaliyoti oʼtkazildi.
Bu jarayonni viloyatda uzluksiz davom ettirish maqsadida 3 nafar vrach Rossiya davlatida va 8 nafar oʼrta tibbiyot xodimlari Respublika kardiologiya markazida malakalarini oshirib keldi.

Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Surxondaryo filialiga 590,0 ming. dollarlik Gamma-terapevtik radioterapiya apparati oʼrnatilmoqda.
Shu bilan bir qatorda viloyat perinatal markazi va 5 ta xududiy perinatal markazlari 1,4 mln. dollarlik, xalqaro moliya institutlari hisobidan viloyat koʼp tarmoqli tibbiyot markazi 2,1 mln. (https://t.me/axborot_xizmati/9775) dollarlik zamonaviy yuqori texnologiyali apparati keltirildi.
Viloyat markazidan uzoqda joylashgan Uzun, Sariosiyo, Denov, Oltinsoy va Shoʼrchi tuman aholisiga ixtisoslashtirilgan malakali tibbiy xizmat koʼrsatishni yaxshilash maqsadida Respublikada birinchi marotaba tumanlarda bahosi 4,5 mlrd soʼmlik angiograf apparati va 1 dona Multispiral tomograf apparati Denov tuman tibbiyot birlashmasiga keltirildi va oʼrnatildi. Bundan tashqari qiymati 1,5 mlrd soʼmlik 5 dona gemodializ apparati keltirilib, mazkur tumanlardagi 98 nafar bemorlarga gemodializ xizmatini koʼrsatish yoʼlga qoʼyildi.
Tibbiyot xodimlari bayrami munosabati bilan davlatimiz rahbari farmoni asosida sohaning bir guruh fidoyi xodimlari davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular orasida 4 nafar surxondaryolik ham bor.Tadbirda viloyat hokimi ana shu mukofotlanganlarga qimmatbaho sovgʼalar topshirdi. Shuningdek, tizimda alohida oʼrnak koʼrsatgan bir guruh soha xodimlari viloyat hokimligining faxriy yorligʼi va esalik sovgʼalari bilan taqdirlanishdi.Tantanali tadbirda sanʼat ustalari va yosh ijrochilarning kontsert dasturi namoyish etildi.