Termizdagi tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasiga 1,5 ming nafar xotin-qizlar ishga olinadi
Termiz tumani “Ayritom” mahallasi hududida "Indenim Textile" MCHJ tomonidan qiymati 126 mlrd. 200 mln. so‘m bo‘lgan yiliga 10 ming tonna tayyor kiyimlar ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan tikuv-trikotaj maxsulotlari ishlab chiqarish korxonasi ishga tushdi. Korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotlarning 40 foizi ichki bozorga sotiladi hamda 60 foizi (yiliga 1,0 mln dollar) eksport qilinadi.
Mazkur tekstil korxonasida uch smenada ish tashkil etilishi hisobiga Termiz shahri, Termiz va Jarqo‘rg‘on tumanlaridagi 1500 nafar xotin-qizlar doimiy ish o‘rniga qabul qilinadi.
Korxonada tashkil etilgan seminarda viloyat hokimi To‘ra Bobolov, viloyat prokurori Sadriddin Turdiyev, viloyat Xalq qabulxonasi mudiri A.Eshmurodov, viloyat hokimi o‘rinbosari F.Toirov, mazkur tumanlar va shahar hokimlari, hokim yordamchilari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari hamda korxona mas’ullari ishtirok etdi.
Viloyat rahbari korxona faoliyati hamda ishchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shundan so‘ng seminar ishtirokchilariga, mahallalarda ishsiz xotin-qizlarni mazkur korxonaga ishga joylashtirish jarayonini samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shu bilan birgalikda, hududlar qiyofasini tubdan o‘zgartirish, aholiga qulayliklar yaratish, ularning daromadlarini oshirish bo‘yicha aniq misollar bilan yo‘nalish ko‘rsatilib, mas’ullarga vazifalar yuklatildi.
- Korxonamizga ishga qabul qilingan xotin-qizlar, dastlab bir oy davomida mutaxassislar tomonidan o‘qitiladi, - deydi, korxonaning xodimlar bilan ishlash bo‘limi rahbari Malika Shaymardonova. - Ushbu jarayonda ularga 825 ming so‘m miqdorida oylik to‘lanadi. Ishga qabul qilinganlarga 1,5 mln. so‘mdan 2,0 mln. so‘mgacha ish haqi to‘lanadi. Ishchi-xodimlar uchun avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilib, ikki mahal bepul ovqat va o‘z vaqtida ishga kelganlarga har oy ustama puli beriladi.
Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati