To‘ra Bobolov: Mingchinorliklar ijobiy o‘zgarishlarni sezishi kerak

Bugun, 27 yanvar kuni Oltinsoy tumaning Mingchinor mahallasida tuproq yo‘llarga tosh-shag‘al to‘kish, obodonlashtirish, aholini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha hokim yordamchilari, mahalla raislari va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ko‘rgazmali seminar hamda bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi.

Tadbirga viloyat hokimi To‘ra Bobolov ishtirok etib, tumanda ishlab chiqarilayotgan sanoat, qishloq xo‘jaligi va milliy hunarmandchilik mahsulotlari yarmarkasi bilan tanishdi. Shundan so‘ng, hokim yordamchilari tomonidan ishlab chiqilgan hududlarni rivojlantirish loyihalari hamda ular tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Suhbat davomida hududlar imkoniyatlaridan kelib chiqib, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Viloyat rahbari davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, mahalla faollariga yuzlanib, yangi tizim har bir oilaga islohotlar natijasini olib kirishi va aholining yashash darajasini o‘zgartirishi zarurligini ta’kidladi. Buning uchun hokim yordamchilari hamda mahallada yoshlar yetakchilaridan tortib, barcha darajadagi davlat xizmatchilari tashabbus ko‘rsatgan holda bildirilgan ishonchni oqlashi lozimligini ta’kidladi. - Qisqa vaqtda mingchinorliklar ijobiy o‘zgarishlarni kundalik turmushlarida sezishlari kerak, - dedi viloyat hokimi.

Shuningdek, viloyat hokimi aholi bilan yuzma-yuz muloqotda 30 ga yaqin murojaatni tingladi. Murojaatlarning aksariyati joyida hal etilgan bo‘lsa, yechimi ma’lum vaqt talab etadigan masalalar bo‘yicha mutasaddilariga aniq vazifalar yuklatildi. Murojaatlarning ijrosi viloyat hokimi tomonidan nazoratga olindi.

Kun davomida mahalladagi bir kilometrga yaqin yo‘llarga tosh-shag‘al to‘kilib, bu ishlarga  30 ga yaqin texnika jalb etildi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati