“Mahallabay” ishlash tizimini samarali tashkil etish bo‘yicha navbatdagi seminar Uzun tumanida tashkil etildi

Viloyatdagi iqtisodiy-ijtimoiy ahvoli nisbatan og‘ir hududlar sifatida tanlab olingan mahallalarda hududni obodonlashtirish, yo‘llarni ta’mirlash, aholi bandligini ta’minlashga ko‘maklashish va daromadlarini oshirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. 

Bu ishlarni joylarda samarali yo‘lga qo‘yish, shu maqsadda o‘zaro tajriba almashish, ko‘nikma hosil qilish uchun mahallalardagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, tuman sektorlari, aloqador boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida Uzun tumanining “Ulanqul” mahallasida amaliy seminar tashkil etildi. Unda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov ham ishtirok etdi.

Seminarda ishtirokchilar tuman mahallalaridagi hokim yordamchilari hamda yoshlar yetakchilarining hududlarni rivojlantirish, yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha rejalari va bugunga qadar amalga oshirilgan ishlari bilan yaqindan tinishdilar. Viloyat hokimi rejadagi ishlarni samarali tashkil etish bo‘yicha o‘z tavsiya va ko‘rsatmalarini berdi.

Yoshlar bilan bo‘lgan suhbat chog‘ida To‘ra Bobolov ular tomonidan bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlab, har yili bahorda “Bobotog‘ bahori” ochiq folklor festivalini tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq berdi. Tuman folklor – etnografik ansambli uchun avtobus ajratiladigan, turli ko‘rik-tanlovlarning tuman bosqichidan avval mahalla bosqichini joriy etiladigan bo‘ldi.

Seminar davomida tumanda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi, bandlikni ta’minlash uchun mehnat yarmarkasi va aholiga qulaylik yaratish maqsadida tibbiy ko‘rik ham tashkil etildi.

Malakali shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikda 40 yoshdan oshgan, "Ayollar daftari", "Yoshlar daftari" hamda "Temir daftar"ga kiritilgan 125 nafar fuqarolardan, 52 nafarida kasallik aniqlandi. Ularning 42 nafari ambulator sharoitda, 10 nafari statsionar sharoitda davolanishga yuborildi.

Shuningdek, “Ulanqul” mahallasida 10 km ichki yo‘llarni ta’mirlash belgilangan bo‘lib, qariyb bir haftadan buyon olib borilayotgan amaliy ishlar natijasida ushbu yo‘llarning 9 kilometrida tosh-shag‘al yotqizish ishlari yakunlandi. Tuproq yo‘llarga tosh-shag‘al yotqizish, eskirgan yog‘och ustunlarni temir-beton ustunlarga almashtirish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari davom etmoqda. Buning uchun o‘nlab maxsus texnikalar va yuzlab hasharchilar jalb etilgan.