Surxondaryo viloyatida rossiyalik sarmoyadorlar 536 million dollarlik 4 ta yirik loyihani amalga oshiradi

Mamlakatimizning janubdagi darvozasi – Surxondaryo viloyatida Rossiya ishbilarmonlari ishtirokida 44 ta xorijiy va qo‘shma korxona faoliyat yuritayotgani yoki so‘nggi besh yilda Rossiya davlati ishbilarmonlari ishtirokida qator yirik loyihalar amalga oshirilib, 100 million dollardan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgani bunga yaqqol dalildir.  

Masalan, Angor tumanida Rossiyaning «Breyn Invest» kompaniyasi «Tanovar Surxon» mas’uliyati cheklangan jamiyati negizida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hamda saqlash loyihasini amalga oshirib, 5 million dollarga teng investitsiya jalb etildi. 25 ish o‘rni yaratilgan mazkur korxona yangi yilning ilk oyidayoq 120 ming dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qildi. Uzun tumanidagi "Kapital Golden" mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xususiy korxonada rossiyalik investorlar barpo etgan zamonaviy pishiq g‘isht ishlab chiqarish loyihasiga 2 million dollar sarmoya kiritilib, o‘n kishining bandligi ta’minlandi. Shuningdek, tumanda amalga oshirilayotgan yirik hajmdagi bunyodkorlik inshootlarini sifatli va arzon qurilish materiali bilan ta’minlash samaradorligi oshdi.  
Rossiyalik birodarlar bilan yo‘lga qo‘yilgan bunday hamkorlik aloqalari haqida yana ko‘p gapirish mumkin. Bularning barchasi keyingi yillarda yaqin qo‘shni mamlakatlar va jahonning yetakchi davlatlari bilan ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirish, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan olib borilgan muloqotlarning amaldagi ifodasidir.  

Prezidentimizning joriy yil 28 yanvardagi «2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi farmoni bu boradagi ishlarimiz ko‘lamini yanada kengaytirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Shunga muvofiq 2022-2026 yillarda rossiyalik hamkorlar bilan ham bir qator istiqbolli loyihalarni ro‘yobga chiqarishni rejalashtirib oldik. Xususan, 2022-2026 yillarda rossiyalik sarmoyadorlar qiymati 536 million dollarga teng 4 ta yirik loyihani amalga oshirib, 490 million dollardan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritadi. Misol uchun, qishloq xo‘jaligi sohasida Qiziriq tumanida yillik quvvati 65,7 ming tonna yirik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga mo‘ljallangan issiqxona kompleksi barpo etilib, 2021-2024 yillarda loyihaga 340 mln. dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etiladi. Sanoat sohasida Jarqo‘rg‘on tumanida umumiy qiymati 3,5 mln. dollarga teng bo‘lgan "Green Sulfcrete" QK MCHJ tomonidan serabeton ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi 2022 yilda amalga oshirilishi natijasida 50 yangi ish o‘rni yaratiladi.  

Davlatimiz rahbari mamlakatimiz viloyatlarining dunyo yetakchi davlatlari bilan hamkorlik aloqalarini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishning aniq maqsadga yo‘naltirilgan istiqbolli yo‘llarini belgilab bergan edi. Shu asosda biz Rossiya Federatsiyasining qator viloyatlari bilan tizimli ishlarni olib boryapmiz. Xususan, Novosibirsk, Krasnoyarsk, Irkutsk hududlari yildan-yilga eng yaqin hamkorimizga aylanib bormoqda. Bu borada amalga oshirayotgan ishlar viloyatimiz va Rossiyaning bir qator mintaqalari o‘rtasida hududlararo ijtimoiy-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, investitsion loyihalarni amalga oshirish, meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha kelishilgan loyihalarda ham o‘z aksini topayotir. Mavridi kelganda shuni ham aytish lozimki, Rossiyada azaldan viloyatimizda yetishtirilgan tabiiy va servitamin qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga katta qiziqish bor. O‘zaro hamkorlik aloqalarimiz janubning quyosh nuriga to‘yingan sarxil meva-sabzavotlarini eksport qilishga qulay imkoniyat yaratdi. Rossiyaga qilgan o‘tgan yilgi safarimizda ham qiymati 71 million dollarga teng 25 ta eksport shartnomasini imzoladik. 

Xullas, o‘tgan yili viloyatning Rossiya Federatsiyasi bilan jami tovar aylanmasi 48 million dollarga teng bo‘ldi. 23,5 million dollarlik mahsulot eksport qildik. Yoki 13,5 million dollarlik meva-sabzavot, 10 million dollarlik tekstil, oziq-ovqat, xo‘jalik mollari va boshqa turdagi mahsulotlarni yetkazib berdik. Shuningdek, 24,4 million dollarlik qurilish materiallari, ehtiyot qismlar, xo‘jalik mollari, oziq-ovqat mahsulotlari, tirik hayvonlar, asbob-uskunalar, organik birikmalar va boshqa turdagi mahsulotlar Rossiya Federatsiyasidan import qilindi. O‘tgan yili vohamiz delegatsiyasi Novosibirsk, Krasnoyarsk kabi viloyatlari va Moskva shahrida bo‘lib, teng sheriklikka asoslangan biznes loyihalarini amalga oshirish, hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, hududlararo savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichda jadal rivojlantirishga qaratilgan uchrashuvlar o‘tkazdi. Qator manfaatli savdo va investitsiya kelishuvlariga erishildi. Qiymati 181 million dollarga teng 30 ta kelishuv imzolandi. Ularning beshtasi 110 ming dollarga teng investitsiya loyihalaridir. Kelishuvlarning 2 tasi qishloq xo‘jaligi, 1 ta sanoat va 2 ta xizmat ko‘rsatish sohasiga oid loyihalardir. Yo‘lga qo‘yilgan bu hamkorlik aloqalarimiz sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolarimizga yechim topishda ham qulay muhit yaratgani e’tiborga molikdir. Jumladan, mazkur safar chog‘ida biz Novosibirsk shahridagi Meshalkin nomli qon aylanish patologiyalari ilmiy tekshirish instituti va Krasnoyarsk o‘lkasidagi «Yurak qon-tomir markazi»da bo‘lib, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishdik. O‘zaro tajriba almashish, shifokorlar malakasini oshirish va bu klinikalarning tajribalarini viloyatimizda joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishdik. Shunga ko‘ra, o‘tgan yilning o‘zida Novosibirskdagi tibbiyot markazining eng malakali shifokorlari viloyatimizga kelib, mutaxassislarimiz bilan 50 dan ortiq bemorda ilk marta yurak qon-tomir stendlash, o‘tkir koronar sindromli bemorlarni stendlash, yurak tug‘ma parogini invaziv usulda jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. 

Bu masalaning muhim jihati shundaki, o‘tgan yilgacha mazkur kasalliklarga chalingan bemorlarimiz asosan, Rossiya, Hindiston va boshqa xorij davlatlariga borib, katta mablag‘ evaziga kardiojarrohlik yo‘li bilan davolanib kelayotgan edi. Endilikda ilgari murakkab sanalgan ushbu amaliyot o‘zimizda muvaffaqiyatli bajarilmoqda. Agar buning moddiy tomonini hisob-kitob qiladigan bo‘lsak, bir bemorda o‘rtacha 76 million so‘mni tejab qolish imkoniyati yaratildi. Shu hisobda o‘zimizda jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan 50 dan ortiq bemor oilaviy budjetining 2 milliard 600 million so‘mdan ziyod mablag‘ini iqtisod qildi. Bu Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya tibbiy-amaliy ilmiy markazi Surxondaryo filiali va Novosibirsk shahridagi Meshalkin nomli qon aylanish patologiyalari ilmiy tekshirish instituti o‘rtasida tuzilgan o‘zaro hamkorlik aloqalarining amaliy samarasidir.  

Rossiya Federatsiyasi viloyatlari bilan hamkorlikda bajarayotgan ishlarimiz ham vohani yanada obod, farovon hududga aylantirib, odamlarning turmush darajasini yuksaltirishda, xalqimiz qadrini ulug‘lab, inson manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.  


To‘ra BOBOLOV, 
Surxondaryo viloyati hokimi, 
O‘zA