Surxondaryoda hafta yangi rahbar kadrlarni tanishtiruv bilan boshlandi
Surxondaryo viloyati hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga Jumanazar Normo‘minov tayinlangani ma’lum qilindi.
Mehnat faoliyatini 2002 yil Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Ismoiltepa” fermer xo‘jaligida ishchilikdan boshlagan J. Normo‘minov ko‘p yillar bank-moliya sohasida turli vazifalarda ishlagan. U 2018 yildan buyon Surxondaryo viloyati hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari vazifasida xizmat qilayotgan edi.
Shu paytgacha SHerobod tumani hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlayotgan Azamat Xo‘jamqulov viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi. A.Xo‘jamqulov filolog, moliya-iqtisodchi va tashqi iqtisodiy aloqalar mutaxassisliklariga ega.
Shuningdek, “Surxondaryo suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori lavozimida Hasan Safoyev ish boshladi. Tayinlovga qadar X.Safayev “Surxondaryo mintaqaviy paxta terminali” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori vazifasida faoliyat yuritayotgan edi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA