Sayyor qabulda Probatsiya guruhi hisobida turib, mehnatga halol munosabatda bo‘lib, tuzalish yo‘liga o‘tgan hamda o‘rnatilgan tartib-qoidalariga qat’iy rioya qilgan to‘rt nafar mahkum jazo o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.
Surxondaryo viloyat umumyurisdiksiya sudlarining 2022 yil 1-yarimiga mo‘ljallangan jismoniy va yuridik shaxs vakillarini hududlarda sayyor qabul qilish rejasiga muvofiq 2022 yil 19 fevralda Termiz shahar Madaniyat uyi binosida Surxondaryo viloyat sudi raisi va rais o‘rinbosarlari hamda Surxondaryo viloyat ma’muriy sudi raisi tomonidan sayyor qabul o‘tkazildi.
Unda jismoniy va yuridik shaxs vakillaridan jami bo‘lib, 55 ta murojaatlar qabul qilindi. Shundan jinoyat ishlari bo‘yicha 21 ta, ma’muriy huquqbuzarlik ishlari bo‘yicha 3 ta, fuqarolik ishlari bo‘yicha 25 ta, iqtisodiy ishlar bo‘yicha 3 ta, ommaviy munosabatlar bo‘yicha 3 tani tashkil qildi. Murojaatlarni o‘rganish jarayonida 5 nafar fuqarolarning murojaati arizani o‘rganish vaqtida joyida hal etildi, 2 nafar fuqaroning arizasi arizalari mazmunan ko‘rish uchun qabul qilindi, 21 nafar fuqarolarning murojaatlari bo‘yicha huquqiy ko‘mak va tushuntirishlar, 23 nafar fuqarolarga tegishli tushuntirishlar berildi.
Sayyor qabul jarayonida jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudi raisi I.Shaymanovning raisligida Termiz shahar IIB Probatsiya guruhida jazo o‘tab turgan to‘rt nafar mahkumni Jinoyat Kodeksining 73-moddasiga asosan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, bir nafar mahkumni boshqa jazoga almashtirish yuzasidan kiritilgan taqdimnomalar ko‘rib chiqildi.
Sud, ish hujjatlarini atroflicha o‘rganib chiqib, insonparvarlik tamoyiliga tayanib, Termiz shahar Ichki ishlar boshqarmasi Probatsiya guruhi hisobida turib, mehnatga halol munosabatda bo‘lib, o‘rnatilgan tartib qoidalariga rioya qilgan, o‘zining hulqini ijobiy tomonga o‘zgartirgan, jazoni o‘tash davrida intizomiy jazoga tortilmagan, sodir etgan jinoyatining oqibatlarini to‘la anglab yetib, tuzalish yo‘liga o‘tgan, sudlar tomonidan o‘rnatilgan taqiq va cheklovlarga to‘liq rioya qilgan, bundan o‘zlariga tegishli xulosa chiqargan to‘rt nafar mahkumlarni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 73-moddasiga asosan o‘talmay qolgan jazo muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.
Bir nafar mahkum sud tomonidan tayinlangan axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tashdan bo‘yin tovlagani uchun o‘talmagan ikki yil ahloq tuzatish ishlari jazosi xuddi shu muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirildi.
Sayyor sud majlisida raislik qiluvchi tomonidan mahkumlarga ularning huquq va majburiyatlari, jazoni o‘tash davrida o‘rnatilgan tartib-qoidalariga qat’iy rioya qilishlari lozimligi, jazoni o‘tash tartibini buzganlik uchun saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi mahkumlarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan intizomiy chora oqibatlari haqida tushuntirishlar berildi.
Sud-huquq tizimida amalga oshiriladigan barcha ishlar zamirida qonun ustuvorligini ta’minlash, odil sudlovga erishish kabi ezgu g‘oyalar yotadi. Aynan inson va adolatli sud o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda qonuniylikni va adolatni ta’minlaydigan harakatlar zamirida xalqimizning osoyishta hamda rozi bo‘lib yashash huquqi turibdi.
Ikrom Shaymanov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudining raisi