YUNISEFning insonparvarlik yordami yuklangan mashinalar karvoni Termizdan Afg‘onistonga yo‘l oldi

BMTning bolalar fondi YUNISEF Surxondaryo viloyatidagi “Termiz kargotsentr” logistika markazidan og‘ir ijtimoiy sharoitda yashayotgan afg‘onistonlik oilalar uchun 16 ta yuk mashinasida sanitariya-gigiyena vositalari va uy-ro‘zg‘or buyumlaridan iborat insonparvarlik yordamini jo‘natdi.

Mazkur yuklar qo‘shni mamlakat Balx viloyati shimolidagi Hayraton chegara o‘tkazish punkti orqali Afg‘onistonning Mozori Sharif shahriga yetkazib beriladi.

Termiz tumanidagi “Termiz kargotsentr” mas’uliyati cheklangan jamiyati yirik logistika markazi bo‘lib, uning umumiy yer maydoni 40.7 gektarni tashkil etadi. Markazda har birining maydoni 6 ming kvadrat-metrni tashkil etadigan to‘rtta zamonaviy yopiq omborxona mavjud. Bu yerda bojxona rasmiylashtiruvi, sertifikatlash va brokerlik markazlari, tijorat banki bo‘limi faoliyat yuritmoqda. Zamonaviy mehmonxona, restoran, suzish havzasi va boshqa xizmat ko‘rsatish nuqtalari barpo etilgan.

Barcha sharoitlarga ega logistika markazi qo‘shni davlatlar, jumladan Afg‘onstonga turli yuklarni ishonchli, tez yetkazib berish uchun qulay hududda joylashgan.

–Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘onistonda 3 milliondan ortiq ona va bola og‘ir ijtimoiy sharotda yashamoqda, – deydi BMT bolalar fondining O‘zbekistondagi vakolatxonasi koordinatori E.Kaniyev. – Bu bizning qo‘shni davlatga jo‘natayotgan birinchi insonparvarlik yordamimiz. O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligi hamkorligida yuborayotgan gigiyena vositalari va uy-ro‘zg‘or buyumlari  murakkab ijtimoiy sharoitda yashayotgan oilalarning ona va bolalariga mo‘ljallangan. Ahamiyatlisi, barcha sanitariya-gigiyena vositalari va uy-ro‘zg‘or buyumlari to‘liq O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan.

YUNISEF Afg‘onistonda og‘ir sharoitda yashayotgan onalar va bolalarga yil davomida insonparvarlik yordami ko‘rsatishni rejalashtirgan.

 Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA