To‘ra Bobolov Ukrainadan evakuatsiya qilingan surxondaryoliklar bilan uchrashdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Ukraina va Rossiya davlatlari o‘rtasidagi holatlarning mamlakatimizga ta’sirini bartaraf etish bo‘yicha barcha  zarur choralar ko‘rilmoqda.

Bunda birinchi navbatda Ukraina davlatidagi fuqarolarimizni xavfsizligi masalasiga alohida e’tibor qaratilib,  ularni mamlakatimizga qaytarish masalasi hal etildi.

Xususan, 28 fevraldan 11 martga qadar 25 ta aviareys tashkillashtirildi va harbiy harakatlar kechayotgan hududlardan 5 ming 634 nafar vatandoshimiz O‘zbekistonga qaytarildi. Ular orasida 769 nafar surxondaryolik ham bor.

Shu munosabat bilan Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Ukraina davlatida tahsil olayotgan va evakuatsiya qilingan 46 nafar talaba hamda ularning ota-onalari bilan uchrashdi. Uchrashuvda shuningdek, ushbu davlat oliygohlarida masofaviy o‘qiyotgan hamda harbiy harakatlar boshlanishidan oldin yurtimizga qaytgan 20 ga yaqin talaba va ularning ota-onalari ham ishtirok etdi.

- Ukrainada bo‘layotgan holatlarni ko‘rib, bolajonimning u yerda ekanligi meni shunchalar tashvishlantirardiki, soniyalar yillar kabi o‘tgandek bo‘ldi. Prezidentimizga rahmat, urush o‘chog‘idan farzandlarimizni birinchilardan bo‘lib bag‘rimizga qaytardilar. Bugun esa, ularni o‘qishlarini o‘zimizning oliygohlarga ko‘chirish va sharoiti og‘ir o‘quvchilarni darsdan keyin ish o‘rinlariga joylashtirish masalalari hal etilmoqda. Inson qadri ulug‘lanayotgan shunday jannatmakon yurtda yashayotganimdan behad mamnunman, - deydi quvonch ko‘z yoshlarini yashira olmay Oltinsoy tumani Ipoq mahallasida yashovchi Roxila Norqobilova.

Viloyat hokimining tegishli o‘rinbosarlari, viloyatdagi mavjud  OTM rektorlari ishtirok etgan uchrashuvda talabalarning o‘qishini yurtimizdagi oliy o‘quv yurtlariga ko‘chirilishi, bunda ularning sarsongarchiligini oldini olish maqsadida Termiz davlat universiteti qoshida shtab tashkil etilishi bo‘yicha viloyat hokimi tomonidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Shu kuni viloyat hokimi Sariosiyo va Uzun tumanlarida ham bo‘lib, Ukraina   davlatidan evakuatsiya qilingan fuqarolar bilan uchrashdi. Uchrashuvda ularning bandligini ta’minlash, farzandlarini umumta’lim maktablari hamda maktabgacha ta’limga qamrab olish va boshqa muammolarini hal etish maqsadida mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi. 

Ma’lumot uchun: Sariosiyo tumanidan 548 nafar, Denov tumanidan 99 nafar,  Uzun tumanidan 66 nafar, Termiz shahridan 11 nafar, SHo‘rchi tumanidan 9 nafar, Termiz, Qiziriq, Jarqo‘rg‘on, Oltinsoy tumanlaridan 5 nafardan, Angor, Muzrabot tumanlaridan 4 nafardan, Boysun tumanidan 3 nafar, SHerobod va Bandixon tumanlaridan 2 nafardan hamda Qumqo‘rg‘on tumanidan 1 nafar fuqarolarimiz evakuatsiya qilingan.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati