Xalqaro uloq-ko‘pkari musobaqasini mahalliy jamoalar boshlab berdi

O‘zbekiston Milliy gvardiyasi huzuridagi Qorabayir otlari mahorat maktabida Surxondaryo viloyatida o‘tkazilayotgan xalqaro uloq-ko‘pkari musobaqasining qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda xorijlik va mamlakatimiz chavandozlari jamoalarining maydonga tushishi qur’a tashlash yo‘li bilan ochiq, oshkora aniqlab olindi. 

Marosim yakuniga ko‘ra, musobaqaning saralash bosqichini «O‘zbekiston-1» va O‘zbekiston Milliy gvardiyasi huzuridagi Qorabayir otlari mahorat maktabi jamoalari boshlab berdi.  

Prezidentimizning 2021 yil «Surxondaryo viloyatida qorabayir zotli otlarni yetishtirish va ommalashtirish hamda ot sporti turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan xalqaro turnir Termiz tumanida joylashgan Milliy gvardiya huzuridagi Qorabayir otlari mahorat maktabi maydonida bo‘lib o‘tmoqda. Turnir nizomiga muvofiq, bellashuvning boshlanishi oldidan barcha jamoalarga musobaqaning tartib-taomillari tushuntirildi. 

Ishtirokchilar hamda muxlislarga hakamlar va jamoalar a’zolari tanishtirildi. Oqsoqollar ko‘pkarining yuqori saviyada o‘tishiga omad tilab, duoga qo‘l ochdi. Ayni paytda jamoalar o‘rtasidagi saralash bosqichi qizg‘in davom etmoqda. Ertaga xalqaro turnirning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Shundan so‘ng eng epchil, eng abjir chavandozlar yarim final hamda final musobaqalarida ishtirok etadi va g‘olib jamoalar aniqlanadi.  

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,  O‘zA