Surxondaryoda “Onalar yashil makon uchun!” aksiyasiga start berildi
Uzun tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Onalar yashil makon uchun!” aksiyasiga start berildi.
Tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Z.Mahkamova, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi mas’ul xodimlari, Surxondaryo viloyati va Uzun tumani hokimligi vakillari hamda tumandagi faol xotin-qizlar ishtirok etdilar.
Davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, mazkur aksiya doirasida yiliga 200 mln. tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish belgilab berilgan edi.
Ushbu xayrli ishlar negizida Uzun tumanida start berilgan aksiya doirasida tadbir ishtirokchilari Bobotog‘ o‘rmon xo‘jaligi tomonidan yetkazib berilgan mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini "Onalar bog‘i"ga ekishdi.
Shuningdek, ko‘chatlarni parvarish qilish faoliyati bilan shug‘ullanib, daromad topishlari uchun kam ta’minlangan ayollarning xonadoniga mevali daraxtlar, pavloniya, lavanda, za’faron ekish ishlari xam amalga oshirildi.
Shu kunning o‘zida mas’ullar Yangi ro‘zg‘or mahallasida istiqomat qilayotgan kam ta’minlangan ijtimoiy himoyaga muhtoj Oqilaxon Ahmedovaning xonadonida bo‘lib, mavjud tomorqa yer maydoniga lavanda ko‘chatlarini, Yangiro‘zg‘or mahallasida yashovchi fuqarolar Sumbula To‘xtayeva hamda Munisaxon Ismoilovalarning xonadonlaridagi bo‘sh turgan tomorqa yer maydonlariga shifobaxsh za’faron va mevali daraxt ko‘chatlarini ekishdi.