Sariosiyoda zamonaviy “Yoshlar bog‘i” barpo etildi

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi “Mirzo Ulug‘bek” mahallasi hududida senator Abdug‘ani Sanginov tashabbusi bilan 3.0 gektar maydonda “Yoshlar bog‘i” barpo etildi.

Yoshlar bog‘i tarkibida:

bolalar o‘yingohi;

50 o‘rinli kinoteatr;

 zamonaviy musiqali favvora;

  axborot kutubxona markazi;

  sun’iy ko‘l;

  2 ta kafe (ovqatlanish majmualari);

  avtoturargoh o‘rin olgan.

Bog‘ning foydalanilishiga topshirilishiga bag‘ishlangan tadbirda viloyat hokimi To‘ra Bobolov, viloyat sektorlar rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlari, nuroniylar, faollar, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda viloyat hokimi so‘zga chiqib, tuman ahlini ko‘rkam bog‘ ochilishi  bilan tabrikladi hamda tashabbuskorlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

 Yoshlar bog‘ining 18 000 kv. metr yer maydonida “Yashil makon” loyihasi doirasida Turkiya davlatidan keltirilgan 800 dan ortiq manzarali daraxtlar va 20 000 mingdan ortiq anvoyi gullar ko‘chatlari ekilib, yashil hudud tashkil etildi.

 Yoshlar bog‘i markazida joylashgan kutubxonada 38 mingdan ziyod kitoblar, 52 mingdan ortiq elektron kitoblar mavjud bo‘lib, ma’rifat maskani zamonaviy o‘quv zali, katta hajmdagi LED-monitor va bepul Internet bilan ta’minlangan. Zamonaviy kutubxona bir vaqtning o‘zida 120 nafar, kun davomida esa 600 dan ortiq kitobxonga to‘laqonli xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.

Loyiha doirasida 20 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati