Viloyatda axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish borasidagi ishlar tanqidiy muhokama qilindi

Bugun, 4 aprel kuni viloyat hokimligida videoselektor tarzida navbatdagi Hokimlik soati yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda viloyat, shahar va tumanlar sektorlari rahbarlari, hokimlik apparati mas’ul xodimlari, (https://t.me/axborot_xizmati/12492) aloqador boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. Yig‘ilishni viloyat hokimi To‘ra Bobolov boshqarib bordi.

Dastlab viloyat, shahar va tumanlar hokimliklarida ijro intizomi holati ko‘rib chiqildi. Shundan so‘ng “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda korxona va tashkilotlar tomonidan 2021 yil yakuni va 2022 yil birinchi choragi bo‘yicha statistik hisobotlarning topshirilishi ahvoli muhokama qilindi.

Yig‘ilishda shuningdek, Prezidentimizning “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlarida axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining viloyatdagi ijrosi ham muhokama qilindi. Ta’kidlanishicha, ayrim tuman hokimliklarida axborot xizmatiga yetarli sharoit yaratib berilmagan. Ayrim  boshqarma va tashkilotlarda axborot xizmati faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilmagan. Bu esa ochiqlikni ta’minlash, joylarda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni aholiga yetkazishda sustkashlikka zamin yaratmoqda.

Viloyat hokimi o‘rganishlar natijasida sohalardagi yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni sanab o‘tib, ularni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga muddat belgiladi.

Shundan so‘ng, faoliyatida muammolari bo‘lgan tadbirkorlar bilan viloyat hokimining navbatdagi «Tadbirkorlar qabuli» bo‘lib o‘tdi.

Qabulda viloyatimiz shahar va tumanlaridan 15 nafar tadbirkor o‘zini qiynayotgan masalalar bo‘yicha viloyat hokimiga murojaat qildi. Murojaatlarning asosiy qismi tijorat banklaridan kredit olish va boshqa sohalarga oid masalalar bilan bog‘liq bo‘ldi.

Qabulda qatnashgan tadbirkorlarning 2 nafarining murojaati joyida hal etilgan bo‘lsa, yechimi ma’lum vaqt talab etiladigan 13 ta masala bo‘yicha aloqador tashkilotlarga topshiriqlar berildi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati