Yig‘ilishda o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlashini rag‘batlantirish orqali ta’lim sifatini keskin oshirish mumkinligi alohida qayd etildi.

Misol uchun, o‘tgan yili xalqaro sertifikatni olgan chet tili o‘qituvchilarini rag‘batlantirish tizimi joriy qilingani natijasida Navoiy, Namangan va Surxondaryoda malakali o‘qituvchilar sezilarli darajada oshgan.

Mutasaddilarga bu tajribani yangi o‘quv yilidan boshlab matematika, kimyo, fizika, biologiya va axborot texnologiyalari fanlariga ham joriy etish topshirildi.

“Maktablarda davlatdan maosh oladigan 15 mingga yaqin ma’naviyatchilar bor.

Lekin, o‘quvchilarning tarbiyasi, Vatanga muhabbat yoki ota-onaga hurmat ruhini shakllantirishda, aytingchi, qaysi tuman maktabi namuna bo‘ldi? Hali bunday maktablar yo‘q. Qani maktab siyosati?”, deya savol qo‘ydi davlat rahbari.

Shu munosabat bilan bir oy muddatda “qizil” toifaga kirgan 1 ming 526 ta maktabni joyida o‘rganib, har biri bo‘yicha alohida yo‘l xaritalarini tasdiqlash vazifasi qo‘yildi.