Surxondaryoda ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internati foydalanishga topshirildi

Surxondaryo viloyati Angor tumanida 14 mlrd. so‘m mablag‘ evaziga barcha qulayliklarga ega bo‘lgan 180 o‘rinli viloyat ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internati qurilib, foydalanishga topshirildi.

Maxsus maktab internatida zamonaviy dizayn asosida zamon talabiga javob beradigan 2 ta informatika,  10 ta robotatexnika, kutubxona, madaniyat zali, psixolog, tibbiyot va izolyator xonasi, 16 ta o‘quv va fan xonalari, 1 ta texnologiya va 1 ta sartaroshxona, bolalar sport maydoni mavjud.

O‘quvchilarga qulay sharoit yaratish maqsadida 3 ta binodan iborat 150 o‘rinli shinam yotoqxonalar, 150 o‘rinli oshxona, o‘qituvchilar xonasi, yoshlar yetakchisi xonasi, psixolog, defektolog hamda ma’muriy-boshqaruv xonalari tashkil etildi.

O‘quvchilarga kasb-hunar sirlarini o‘rgatish maqsadida zamonaviy va zaruriy shart-sharoitlar bilan jihozlangan duradgorlik va chilangarlik, poyafzal tuzatish, santexnika jihozlari, elektr jihozlarini sozlash, tikuvchilik, zardo‘zlik, loyihalash va dizaynerlik, erkaklar va ayollar sartaroshligi, hamshiralik ishini o‘rgatishga ixtisoslashtirilgan maxsus xonalar tashkil etilgan.

Maxsus maktab internatining foydalanishga topshirilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda viloyat, tuman hokimligi hamda Xalq ta’limi boshqarmasi mas’ullari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari va yoshlar ishtirok etdi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati