“Boysun bahori” xalqaro folklor festivalida 100 dan ziyod o‘tovlar o‘rnatiladi

Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 7 fevraldagi “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq shu yilning 7-8 may kunlari bo‘lib o‘tadigan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivaliga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.

Tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishish maqsadida Boysun tumanining Padang kengliklariga O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirning o‘rinbosari — turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov tashrif buyurdi.

Festival o‘tkaziladigan asosiy sahnada tajribali ssenarist va rejissorlar, baletmeystrlar, sahna rassomlari va dizaynerlar, ijodiy jamoalar takliflarini o‘zida mujassam etgan tadbir loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat, shahar va tumanlar hokimlarining tegishli o‘rinbosarlari, aloqador boshqarma boshliqlari hamda tuman mas’ullari ishtirok etdi.

- Festival doirasida milliy sozlar va liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at asarlari ko‘rgazmalari, dronshoular, etnosport bellashuvlari, uloq-ko‘pkari, kurash musobaqalari va boshqa milliy tadbirlar o‘tkaziladi, - deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi O‘zbekiston xalq artisti Rustam Hamidov. - Taniqli san’atkorlar hamda folklor jamoalari ishtirokida festivalning ochilish marosimi, shuningdek, ko‘rik tanlov va sport musobaqalari g‘oliblarini taqdirlash hamda boshqa tadbirlar bo‘lib o‘tishi reja qilindi. E’tiborlisi, festival bo‘ladigan ushbu adirliklarda 100 dan ziyod o‘tovlar o‘rnatilib, milliy urf-odat va qadriyatlarimiz namoyish etiladi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati