Germaniyaning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili boshchiligidagi delegatsiya Surxondaryoga keldi
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Germaniyaning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili Yasper Vik boshchiligidagi Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi o‘rinbosari Alis Volken va uning iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mixal Vimmer hamda Germaniya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi dipartament direktori Gelmut Fisher, Germaniya Tashqi ishlar vazirligi departament direktori o‘rinbosari Katerina Mexdan iborat delegatsiya bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda T.Bobolov viloyatning iqtisodiy, ijtimoiy, geografik imkoniyatlari hamda o‘ziga xos investitsiyaviy xususiyatlari to‘g‘risida so‘z yuritdi.
O‘zaro ishonch ruhida o‘tgan muloqot davomida ikki tomonlama o‘zaro aloqalarni yuqori bosqichga ko‘tarish, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ta’lim, tibbiyot va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Keyingi yillarda Surxondaryo viloyati bilan germaniyalik ishbilarmonlar doirasining o‘zaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanib bormoqda. O‘tgan yili Surxondaryo viloyatida Germaniya bilan hamkorlikda tashkil etilgan 4 ta xorijiy va qo‘shma korxona tomonidan 4,5 mln dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilindi. Tashqi savdo aylanmasi 6 mln dollarni tashkil etdi. Shu jumladan, Germaniyaga 2021 yilda 284,5 ming dollar miqdoridagi mahsulotlar eksport qilingan bo‘lsa, viloyatimizga 5 mln 646 ming dollarlik mahsulot import qilingan.
Germaniyaga asosan meva-sabzavotlar, kalava ip, xizmatlar, asbob-uskunalar va ularning ehtiyot qismlari eksporti amalga oshirilgan bo‘lsa, bizga sanoatning turli yo‘nalishlari uchun zamonaviy texnologik jihozlar, qora mol va urug‘liklar olib kelingan.
Shuningdek, muloqotda viloyat hududida joylashgan Afg‘oniston fuqarorlarini o‘qitish ta’lim markazida qo‘shni mamlakat fuqarolarining ta’lim olishi va kasb-hunar o‘rganishlarini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha fikr almashilib, hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Mehmonlar viloyatga tashrifi doirasida “Termiz” nazorat-o‘tkazish punkti, “Do‘stlik” ko‘prigi, “Barqaror xayot” nodavlat notijorat tashkiloti, Afg‘oniston fuqarorlarini o‘qitish ta’lim markazi va Termiz Arxeologiya muzeyiga tashrif buyurib, ularning faoliyati bilan tanishadilar.
Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati