Viloyatimiz ahli og‘ir judolikka uchradi

Hayoti va mehnat faoliyatining asosiy qismini xotin-qizlarning jamiyatdagi roli va faolligini oshirishga bag‘ishlagan taniqli rahbar, mehnat faxriysi, xalq deputatlari viloyat kengashi deputati Qobulova Mavluda Umarjonovna shu yil 14 aprel kuni 63 yoshida olamdan o‘tdi.

M.Qobulova mehnat faoliyatini 1977 yil Denov tumani markaziy kasalxonasi bolalar bo‘limida oddiy hamshiralikdan boshlab, Denov tumani markaziy kasalxonasi tug‘ruq bo‘limi shifokor-internasi, shifokor neonotologi, bosh neonotologi, shifokor-statisti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti operativ xirurgiya va topografik anatomiya kafedrasi assistenti, dotsenti, o‘quv-uslubiy bo‘limi boshlig‘i, Denov tumani “Hazarbog‘” qishloq shifoxonasi bosh shifokori, Denov tumani markaziy kasalxonasi bosh shifokorining tashkiliy-uslubiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari vazifalarida ishladi. Uzoq yillar Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosari - xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat yuritib, viloyatda xotin-qizlarning jamiyatdagi roli va mavqeini oshirish  yo‘lida samarali mehnat qildi. U xotin-qizlar qo‘mitasi tizimidagi ko‘p yillik fidokorona mehnati bilan nafaqat viloyatimiz balki, mamlakat miqyosida salohiyatli rahbar ayol sifatida tanildi.

Yetakchi rahbar ayol va yetuk tashkilotchi Mavluda Qobulova so‘nggi yillarda “Yuksalish” umummilliy harakatining Surxondaryo viloyatidagi hududiy bo‘linmasi rahbari lavozimida fidokorona xizmat qilib kelayotgan edi.

Xotin-qizlar turmush tarzini yaxshi bilgan, o‘zining boy bilim va hayotiy tajribasi, bor kuch-g‘ayratini el-yurt ravnaqiga bag‘ishlagan M. Qobulova umrining oxirigacha o‘z kasbiga sodiq qolib, “Yuksalish” umummilliy harakatining Surxondaryo viloyatidagi hududiy bo‘linmasi rahbari sifatida ham barchaga ibrat va namuna bo‘ldi. Ko‘p yillik mehnat faoliyati davomida o‘z kasbini puxta egallagan tashkilotchi rahbar, mehnatsevar, kamtarin va vatanparvar inson sifatida tanildi. Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati sifatida ham o‘zining chuqur bilimi, tajribasi, tashabbuskorligi, shijoati bilan samarali faoliyat yuritdi.

Ko‘p yillik samarali mehnatlari, davlat va jamaot ishlaridagi faolligi uchun Mavluda Umarjonovna Prezidentimiz farmoni bilan 2018 yil “Mehnat shuhrati” ordeniga sazovar bo‘lgan edi.

Mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson, yaqin do‘st Mavluda Qobulovaning yorqin xotirasi qalblarimizda abadiy saqlanib qoladi.

T.Bobolov, O.Soatov, Z.Xidirova, A.Choriyev.