Surxondaryoda “Kitob haftaligi” boshlandi
Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi bugun Surxondaryoda ham “Kitobxon millat” shiori ostida II respublika “Kitob haftaligi” tadbirlari boshlandi.
Shu munosabat bilan bugun Termiz shahridagi San’at saroyi bog‘ida Haftalikning ochilishiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari vakillari, olimlar, yozuvchi va shoirlar, san’atkorlar, kitobxonlar, yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda shoir va yozuvchilarining kitobxonlar bilan uchrashuvi, kitoblar ko‘rgazmasi, kitob savdo yarmarkasi, rassomchilik asarlari, hunarmandchilik, kashtachilik, zardo‘zlik mahsulotlari, noyob eksponatlar namoyishi yig‘ilganlarda katta taassurotlar qoldirdi.
Joriy yilning 23 apreliga qadar davom etadigan Haftalik doirasida viloyatdagi axborot-kutubxona markazlari, mehnat jamoalari, ta’lim muassasalari, mahallalarda kitob yarmarkalari, aksiyalar, davra suhbatlari, taqdimotlar, tanlovlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.