To‘ra Bobolov Uzun tumanidagi “Obod yurt” mahallasida sayyor qabul o‘tkazdi

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovning navbatdagi ommaviy sayyor qabuli voha markazidan qariyb 180 km uzoqlikdagi Uzun tumanining “Obod yurt” mahallasida bo‘ldi.

Sayyor qabulda fuqarolar tomonidan ichimlik suvi, ichki yo‘llar ta’miri, elektr va gaz ta’minoti, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ta’minot kabi turli masalalar bilan bog‘liq 340 ta muammo tinglandi. Murojaatlarning 24,7 foizi shu yerning o‘zida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 14 ta yer ajratish bilan bog‘liq murojaatlarga huquqiy tushuntirish berilib, 242 ta muammo ijrosi muddat talab etgani bois mas’ullarga qo‘shimcha o‘rganish o‘tkazib, hal etish vazifasi yuklatildi.

“Obod yurt” mahallasining Bog‘i shamol ko‘chasida yashovchi fuqarolarning tuproq yo‘llarni toshlash masalasidagi murojaati bugunning o‘zidayoq hal etildi. Ko‘chaning 700 metr tuproq qismiga tosh-shag‘al aralashmasi yotqizildi. 3 ta boquvchisini yo‘qotgan oila farzandlarining kontrakt to‘lovi to‘lab beriladigan bo‘ldi.

Qabulda shuningdek, birinchi guruh nogironi bo‘lgan "Chaqar" mahallasida yashovchi 53 yoshli Xolmurod Qurbonovaga nogironlik aravachasi berildi, "Yangiyo‘l" mahallasida yashovchi Bahrom Muqimovning ikkinchi oyog‘i uchun ham endoprotez o‘rnatilishi ma’lum qilindi.

“Inson qadri har narsadan ustun” shiori ostida o‘tkazilayotgan viloyat hokimi va sektor rahbarlarining sayyor qabullari navbat bilan boshqa shahar va tumanlarda ham davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq viloyat hokimi, tuman sektorlar hamda aloqador korxona va tashkilotlar rahbarlari bilan Termiz tumanlarida ommaviy sayyor qabullar o‘tkazilganligi to‘g‘risida xabar bergan edik.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati