Surxondaryoda saxovatpesha tadbirkor 6 ta ehtiyojmand oilaga uy qurib berdi

Yurtimizda xayr-ehson ulashib, savob umidida yaxshiliklar qilib yurgan insonlar talaygina. Ayniqsa, muborak Ramazon oyida ularning safi yanada kengayadi.

Muzrabotlik saxovatpesha tadbirkor Bekzod Yo‘ldoshev tumandagi kam ta’minlangan, nogironligi bor,boquvchisini yo‘qotgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj 6 ta oilaga tumanning “Shaffof” mahallasi hududida barcha qulayliklarga ega zamonaviy uylar qurib berdi.

Tuman hokimligi tomonidan ushbu xonadonlar zarur mebellar bilan jihozlanib, uy egalariga quyon va tovuqlar yetkazib berildi.

Uylar kalitlarini o‘z egalariga topshirish maqsadida tashkil etilgan xayriya tadbirida tuman hokimi, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

- To‘rtta opa-singillarmiz. Yetti yildan beri buvijonimning qaramog‘ida edik. Bugun bizga barcha sharoitlari bor yangi uylar kalitlarini topshirishdi. Shunday muqaddas oyda orzularimiz amalga oshib, uy-joyli bo‘ldik. Daromadga ega bo‘lishimiz uchun quyon va tovuqlar berishdi. Ilohim tadbirkorimizning ham ishlari yurishib, barcha niyatlariga erishsinlar. Yurtdoshlarimizning hayotlari farovon bo‘lsin. Shunday inson qadri ulug‘langan yurtda yashayotganimdan behad mamnunman, - deydi quvonch ko‘z yoshlarini yashira olmay "Yo‘lchi” mahallasida yashovchi Lobar Maxmadaminova.

Tadbirda ishtirok etgan nuroniylar duoga qo‘l ochib, eng avvalo, bugungi fayzli va barakali kunlar uchun shukrona aytdilar hamda yurtga tinchlik, elga xotirjamlik, saxovat ko‘rsatgan tadbirkorning ishlariga rivoj tilashdi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati