Hokimlik soatida muhim masalalar muhokama qilindi
Bugun, 30 may kuni viloyat hokimligida videoselektor tarzida navbatdagi “Hokimlik soati” yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat, shahar va tumanlar sektorlari rahbarlari, hokimlik apparati mas’ul xodimlari, aloqador boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. Yig‘ilishni viloyat hokimi To‘ra Bobolov boshqarib bordi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlarida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli ijro qilinishi ahvoli to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi. Bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘ygan viloyat, shahar va tuman hokimliklarining tegishli mas’ullari ogohlantirildi.
Shundan so‘ng davlat aktivlarini xususiylashtirish va bo‘sh turgan obyektlardan samarali foydalanish hamda viloyatning olis va chekka hududlarida konteyner usulidagi tibbiyot punktlarini tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tanqidiy muhokama qilindi.
Aytish kerakki, joriy yilning aprel oyida viloyatning olis hududlariga 160 ta (6 va 12 metrli) ixcham, bemorlarga eng zarur tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishi uchun qulay sharoit yaratilgan konteynerlar tibbiyot punktlarini tashkil etish uchun ajratib berilgan edi. O‘rganishlar natijasida tumanlarda konteynerlarning 20 ga yaqini foydalanishga topshirilmagani viloyat hokimi tomonidan tanqid qilinib, tegishli mas’ullarga intizomiy jazo choralarini qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
O‘tgan hokimlik soatida Angor tumani va Termiz shahrida Ma’naviyat va ma’rifat maskanini qurish ishlari yakunlanmaganligi hamda Boysun, Denov, SHo‘rchi, SHerobod va Qiziriq tumanlarida ushbu obyektlarni qurish ishlari boshlanmaganligi muhokama qilingan edi. Bugungi yig‘ilishda Boysun, Qiziriq va SHo‘rchi tumanlarida bu borada amaliy ishlar boshlanganligi ta’kidlanib, qolgan tuman mas’ullariga qat’iy choralar qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.