Jarqo‘rg‘onda aholi muammolariga yechim izlandi

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov xalq hayotidan yaqindan xabardor bo‘lish, aholining talab va ehtiyojlarini tizimli o‘rganish, aniqlanayotgan muammolarni joyida hal etish maqsadida navbatdagi ommaviy qabulini Jarqo‘rg‘on tumani “Qumqishloq” mahallasi hududidagi 26-sonli maktab binosida o‘tkazdi.

Viloyat rahbari qabul davomida 117 nafar aholi bilan shaxsan uchrashib, ularning 134 ta turli masaladagi murojaatlarini tingladi. Qabul qilingan murojaatlarning 32 tasi shu yerning o‘zida ijobiy yechimini topdi.

Jumladan, Jarqo‘rg‘on tumani “Nurli diyor” mahallasida yashovchi, 2 nafar farzandni yolg‘iz voyaga yetkazayotgan ona, Dildora Usmonovaning uy-joyi yonib ketib, og‘ir ahvolga tushib qolganligi masalasida murojaati ijobiy hal etilib, unga moddiy yordam ajratib berilishi belgilandi.

Shuningdek, tumanning “Qorayog‘och” mahallasida yashovchi yana bir yolg‘iz ona Feruza Hamdamova uy-joyini ta’mirlashda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi. Viloyat hokimi fuqaroning uy-joyini ta’mirlash uchun qurilish materiallari ajratib berish masalasida mas’ullarga topshiriq berdi.

Boshqa sayyor qabullardan farqli ravishda bu galgi qabulda bir fuqaro murojaat bilan emas, minnatdorchilik bildirish uchun qabulga kelganini ma’lum qilib, viloyat hokimi To‘ra Bobolov bilan suhbat qildi.

- Meni hech kim bu yerga taklif qilgani yo‘q. Uch nafar farzandim buyrak yetishmovchiligidan, o‘zim “mastopatiya” kasalligi bilan, turmush o‘rtog‘im esa yo‘g‘on ichak yorilishi bilan aziyat chekkan qiyin paytlarimizda shaxsan o‘zingiz shifoxonada boshida turib, bizni davolanishimiz va oyoqqa turishimiz uchun amaliy yordam ko‘rsatdingiz. Sizning yordamingiz bilan bugungi kunda farzandlarim, turmush o‘rtog‘im va o‘zim oyoqqa turdik. Yaqinda qizim davlatimiz ko‘magi bilan Respublika Gemotologiya markazida davolanib kelib, hozirda ahvoli ancha yaxshilandi. O‘g‘lim oliygohga budjetga o‘qishga kirdi, o‘zim esa shu maktabda tikuvchilikdan “Ustoz-shogird” an’anasi asosida dars berib, ro‘zg‘or tebratayapmiz. Siz bilan uchrashishimdan maqsad, Siz orqali Muxtaram Prezidentimizga raxmat aytmoqchiman. Oilamiz parokanda holatga tushib qolgan bir paytda yordam qo‘lini cho‘zgan davlatimizga, har bir fuqaroni o‘z muammosi bilan yolg‘iz qo‘ymasdan, dardlarimizga yechim qilib berayotgan Prezidentimizga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Xudoga shukr hozirgi kunda oilamni ahvoli va sharoiti davlat ko‘magida ancha yaxshilandi – deydi viloyat hokimi bilan suhbatda “Qumqishloq” mahallasida yashovchi Zumrad opa Ne’matova.

Qabullardan ko‘zlangan maqsad statistik ko‘rsatkichlar emas, balki muammolarning yechimini izlash, hal etish, fuqarolar taqdirida burilish, yashash tarzida o‘zgarish yasash hamda insonlarning ertangi kunga umidini mustahkamlab, ishonchini orttirishdir.

Kelib tushgan murojaatlarning 102 tasi o‘rganib chiqish uchun muddat, hal etilishi uchun qo‘shimcha mablag‘ talab qilganligi sababli qonuniy murojaatlarni ijobiy hal etish sharti va muddati bilan mas’ullarga yo‘naltirilib, ijrosi nazoratga olindi.

7 izoh

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.