Termiz tumanidagi qator ob’ektlar bilan tanishildi

Viloyat hokimi hududlarda olib borilayotgan ishlar bilan tanishish, obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirish maqsadida Termiz tumaniga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida viloyat rahbari Termiz tumani hududida joylashgan Termiz xalqaro aeroportida bo‘lib, hududda obodonlashtirish ishlarining borishi, daraxtzorlar oralariga ishlov berish, butash va oqlash, shuningdek, ushbu hududdagi yo‘l yoqalari bo‘ylab amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, tashrif davomida tumanning “Ayritom” mahallasi hududida bunyod etilayotgan “Termiz xalqaro savdo markazi”da olib borilayotgan ishlar bilan ham tanishilib, mas’ullarga hududdagi qurilish chiqindilarini o‘z vaqtida tozalash, yo‘l yoqalarida obodonlashtirish ishlarini olib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Viloyat rahbari har bir tumanga tashrifi davomida albatta ijtimoiy soha ob’ektlari bilan tanishib, mavjud muammolarni o‘rganmoqda. Bugungi Termiz tumaniga tashrif davomida ham tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli “Yangiariq” hududiy shifoxonasi faoliyati o‘rganildi. Hududiy shifoxonaga bundan oldingi tashrif vaqtida binolarni ta’mirlash bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish topshirig‘i berilgan edi. Hozirda ishlab chiqilayotgan loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlashda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar belgilab berildi.

Viloyat rahbari shuningdek, “Sulton Saodat” majmuasini ziyorat qilib, hududlardagi obodonlashtirish hamda qurilish ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Shundan so‘ng viloyat rahbari “Yangi O‘zbekiston” bog‘ini tashkil etish uchun tanlab olingan maydon, Termiz tumani “Yangiobod” mahallasi hududida joylashgan “Otchopar” majmuasida bo‘ldi. Bu yerda dastlab, “Qorabayir” otlari mahorat maktabi faoliyati bilan tanishildi. Hududda bog‘ tashkil etish uchun yetarli maydon va daraxtzorlar mavjud bo‘lib, hududning shahar tashqarisida joylashganligi yangi dam olish maskani tashkil etish uchun juda qulay hisoblanadi.

Viloyat hokimi hududni ko‘dan kechirib, mas’ullarga bog‘ tashkil etilishi rejalashtirilgan maydonda olib boriladigan ishlar bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.