Surxondaryoda yirik gaz-kimyo majmuasi qurilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoev Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida bo‘lib, “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz-kimyo majmuasi qurilishi bilan tanishdi.

Bu yerda gaz koni bir necha o‘n yillar oldin topilgan. Biroq geografiyasi murakkab bo‘lgani, o‘sha paytda zamonaviy texnologiya va mablag‘ bo‘lmagani uchun hech kim o‘zlashtirishga botinolmagan.

Shavkat Mirziyoevning qat’iyati bilan bu borada amaliy qadamlar tashlandi. Davlatimiz rahbari 2019 yil aprel oyida bu yerda bo‘lib, dastlabki qidiruv va texnik-iqtisodiy asoslar bilan tanishgan edi. O‘sha yilning dekabrida zavodni qurish ishlari boshlandi.

“Surhan Gas Chemical Operating Company” xorijiy korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyihaning qiymati 2,9 milliard dollar. Majmua yiliga 5 milliard metr kub gazni qazib chiqarish va qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi.

Hozirgacha konni o‘zlashtirishga 1 milliard 450 million dollarlik investitsiya kiritilib, 20 ta quduqda burg‘ilash ishlari yakunlangan. 11 ta gaz qudug‘i sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan. Poydevor ishlari va metall konstruksiyalar qurish qariyb yakunlanib qolgan.

Zavodning loyihalari va qurilishi “Shell” kompaniyasining litsenziyalangan texnologiyalari asosida olib borilmoqda. U eng ilg‘or ekologik talablarga mos bo‘lib, ishlab chiqarishdagi zararli chiqindilarni 99 foiz zararsizlantirish imkoniyatiga ega. Bunday uskunalar MDH davlatlari ichida birinchi bor ushbu zavodga o‘rnatilmoqda.

Yana bir muhim jihati, zavod elektr energiyani ham o‘zi generatsiya qiladi, ham tuman aholisiga yetkazib beradi.

Davlatimiz rahbari shu yerda geologik qidiruv va seysmik tadqiqot ishlari yakunlari bilan tanishdi. Investorlar, konni o‘zlashtirishda qatnashayotgan mutaxassis va quruvchilar bilan suhbatlashdi.

– Asosiy maqsad gazni xomashyo holatida sotish emas, uni qayta ishlab, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar olish bo‘lishi lozim. Investitsiya tez vaqtlarda o‘zini oqlab, zavod raqobatbardosh bo‘lishi uchun oxirgi mahsulot sifatli va yuqori daromadli bo‘lishiga erishish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Bu bo‘yicha qaror ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Majmua Boysun shahridan 20 kilometr uzoqda joylashgan. Ayni paytda uning qurilishida 7 mingdan ortiq kishi, maxsus texnikalar ishlamoqda. Loyihaning birinchi bosqichi kelgusi yil may oyida ishga tushiriladi, 2025 yilda to‘la quvvatga chiqadi.

Zavod yurtimizdagi sakkizinchi gaz-kimyo majmuasi, Surxondaryodagi eng yirik sanoat korxonalaridan biri bo‘ladi. Unda 1050 kishi yuqori daromadli ish bilan ta’minlanadi.

- Boysunliklar o‘z tumanida shunday ulkan zavod qurilgani, minglab yangi ish o‘rinlari paydo bo‘lganini sezishi kerak. Endi bu majmua atrofida turdosh sohalarni rivojlantirish lozim, - dedi Prezident.

Shu yerda Boysun tumanidagi yana bir istiqbolli kon - yonuvchan slanes konini o‘zlashtirish loyihasi taqdimot qilindi. Undan elektr energiyasi, slanesli neft va gaz olish imkoniyatlari haqida axborot berildi.

13 izoh

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.