Davlat gerbi 30 yoshda!

O‘zbekiston Respublikasi Davlat Gerbi qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan Termiz shahridagi “Yoshlar markazi” binosi oldidan “Barkamol avlod”, “Islom Karimov”, “Hakim at Termiziy” va “Ibn Sino” nomidagi markaziy ko‘chalar bo‘ylab San’at saroyi hududigacha “Vatanparvar avtokarvoni” harakatlandi.

Shundan so‘ng, muhtasham San’at saroyida “Olamni mahliyo aylagan diyor!” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda viloyat faollari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. Unda viloyat hokimi o‘rinbosari Ilxom Saparov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining nafaqat davlat ramzi, balki millat iftixori sifatidagi yuksak ahamiyatini alohida e’tirof etdi.

Darhaqiqat, gerb – har bir davlatning ramzi, xalqning timsoli! Undagi har bir tasvir, rang, chiziq va belgi ulug‘lik, fidoyilik va oliyjanoblik nishonasi bo‘lib, o‘zida tinchlik, yaxshilik, baxt-saodat va yurtning farovonlik yo‘lidagi orzu-umidlarini ifodalaydi.

Tadbirda so‘z olganlar, mustaqilligimiz belgisi bo‘lgan gerbimizni mamlakatimizda istiqomat qiluvchi barcha shaxslar hurmat qilishlari zaruratini ta’kidladi.

Tantanali tadbirda san’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokida Vatanni, mardlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilar qalbiga xush kayfiyat ulashdi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.