Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda “Surxondaryo viloyatida fuqarolarga Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha majburlab taklif yozdirib olinmoqda”, degan mazmunda tarqalgan xabar yuzasidan Surxondaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi.

Jamiyatimizning har bir a’zosi Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini erkin bildirish huquqiga ega. Bunda uning xohish-irodasiga monelik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu haqda viloyat sektor rahbarlari tomonidan hududlarda o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda ham qayta-qayta ta’kidlab kelinmoqda.

Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muayyan bir moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida iltimosnoma yuborish bo‘yicha viloyat, shahar va tuman hokimliklari tomonidan mahalla fuqarolar yig‘inlari raislariga hech qanday topshiriq berilmagan.

Xabarda keltirilgan holat hozirda o‘rganib chiqilmoqda. Agarda ushbu holat haqiqatda tasdiqlansa, bunga sababchi bo‘lganlarga tegishli jazo choralari ko‘rilishini ma’lum qilamiz.