Surxondaryo viloyatining qator hududlarida sel keldi
Bugun, 3 may kuni respublikamizning ayrim hududlarida kuchli yog‘ingarchilik natijasida sel oqimlari va toshqin suvlari yuzaga keldi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Xususan, Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida qisqa muddatli yog‘ib o‘tgan yomg‘ir yog‘ishi natijasida tumanning “Machay”, “Yuqori Machay” va “Darband” qishloqlarida qisqa muddati sel oqimi kuzatilgan. Sel suvlari “Machay”, “Yuqori Machay” qishloqlarining ichki yo‘llariga hamda “Darband” qishlog‘i hududidan o‘tgan M-39 “Toshkent-Termiz” xalqaro avtomobil yo‘liga toshgan. Sel suvlari oqibatida aholi xonadonlari, ijtimoiy ob’ektlar va kommunikatsiya tarmoqlariga zarar yetmagan. “Toshkent-Termiz” xalqaro avtomobil yo‘lida transport vositalari qatnovi to‘xtatilmagan.
Shuningdek, Sariosiyo tumanining tog‘li “Xonjiza” MFY hududidan oqib o‘tuvchi “Xursandsoy” soyida suv hajmi ortib, soy chetiga o‘rnatilgan 2 dona, 110 kVt kuchlanishli metal konstruksiyali ustunlar ostini yuvishi oqibatida ushbu ustunlarni yonboshga yiqilishiga olib kelgan. Ayni vaqtda ushbu elektr ustunlarini demontaj qilish ishlari olib borilmoqda. Hozirda xavfsizlik nuqtai nazardan vaqtinchalik elektr ta’minotidan uzilgan. Holat “Xonjiza” ob’ekt elektr ta’minotiga ta’sir ko‘rsatmagan, faoliyatini uzluksiz davom ettirmoqda.
Shu bilan birga, “Sangardak” soyi tepaliklaridan oqib tushgan yomg‘ir suvlari tuproq va qum-shag‘allarni ichki yo‘llarga oqizib kelgan. Yog‘ingarchilik oqibatida aholi xonadonlari va ularning mulkiga ziyon yetmagan.
Hozirda sel oqimidan so‘ng yo‘llarda yig‘ilib qolgan qum-shag‘al va loyqalarni tozalash ishlari amalga oshirilmoqda.