Milliy gvardiyachilar baxshichilik san'atida o'zini sinab ko'rdi

Termiz shahridagi baxshilar maktabida O'zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tizimidagi bo'linmalar, harbiy qism va ta'lim muassasalari va qo'riqlash boshqarmalari xodimlari o'rtasida “Baxshichilik san'ati” tanlovining respublika bosqichi bo'lib o'tdi.


Nafis va nodir xalq dostonlarimiz ajdodlarimizning uzoq o'tmishi, madaniy hayoti, milliy qadriyatlarini o'zida mujassam etgan. So'nggi yillarda bu meros o'lmas, nomoddiy madaniy meros sifatida yuksak qadrlanmoqda. Milliy gvardiya tizimida ilk marta tashkil etilgan tadbir ham milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, xalq dostonlarining rang-barang namunalarini keng targ'ib etishga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo'ldi.


Ikki yo'nalishda bo'lib o'tgan tanlovda nafis milliy san'atimizni ulug'lagan ishtirokchilar cholg'u asboblarida kuy chalish va dostonlardan parchalar, termalarni aytish bo'yicha o'zaro bellashdi.

Milliy qadriyatlarimiz kuychilarining chiqishlari O'zbekiston xalq baxshilari, taniqli san'at va madaniyat arboblari tomonidan baholab borildi. Bu jarayonda ishtirokchilarning milliy xususiyatlari, kuy va termalarning badiiy-estetik jihatlari, o'ziga xosligi, kiyinish, sahna madaniyati, musiqa asboblaridan foydalanish darajalariga alohida e'tibor qaratildi.


Ikki kun davom etgan tanlov yakunida Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati bo'yicha boshqarmasi harbiy xizmatchisi kapitan E.Xurramov faxrli birinchi o'rinni egalladi. Milliy gvardiya Qoraqalpog'iston Respublikasi qo'riqlash boshqarmasi safdor xodimi Q.Sootdinov ikkinchi o'rinni qo'lga kiritdi. Xorazm viloyati qo'riqlash boshqarmasi safdor xodimi Sh.Komilovga uchinchi o'rin nasib etdi.

G'oliblar diplom va besh, uch hamda ikki million so'mdan pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Shuningdek, “Muxlislar e'tirofiga sazovor bo'lgan eng yaxshi ishtirokchi” nominatsiyasi bo'yicha ham faol ishtirokchilar aniqlanib, ularga bir million so'm miqdorida pul mukofoti berildi. Qadimiy, betakror san'atimizga mehr qo'ygan barcha qatnashchilarga tadbir tashkilotchilarining esdalik sovg'alari topshirildi.

Tantanali taqdirlash marosimi el suygan baxshilar ijrosidagi dostonlardan parchalar, diltortar termalar va san'atkorlarning qiziqarli kontsert dasturi bilan yakunlandi.