«Termez Cargo Centre»ga xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xabi maqomi berildi

Prezident qaroriga muvofiq, BMT, boshqa xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar tomonidan Afg‘oniston va boshqa davlatlarga gumanitar yordamning tizimli asosda, markazlashtirilgan va maqsadli yetkazilishini ta’minlash maqsadida «Termez Cargo Centre» MChJga Afg‘oniston va boshqa davlatlarga gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xabi maqomi berildi.

Xalqaro xabga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:

- gumanitar yordam ko‘rsatish maqsadida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar vakillari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

- gumanitar yordamni qabul qilish, saqlash va jo‘natishni ta’minlash;

- yuklash-tushirish ishlari, yuklarni tashish va saqlashni o‘z ichiga olgan kompleks transport-logistika xizmatlarini ko‘rsatish, shuningdek, sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlari talablariga rioya etish.