Surxondaryolik yoshlar orasida IT sohasiga qiziqish ortmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi Farmoni bilan tasdiqlangan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida raqamli iqtisodiyotni “drayver” sohaga aylantirish, yoshlarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini boyitish, ma’naviy, intellektual jihatdan kamol topishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada Surxondaryo viloyatida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirishda yoshlarning startap loyihalari hayotga keng tadbiq etilmoqda.

Yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularga motivatsiya berish hamda iqtisodiyot tarmoqlariga zamonaviy IT startap loyihalarini jalb qilishga ko‘maklashish maqsadida viloyat hokimi To‘ra Bobolov tomonidan muntazam ravishda iqtidorli yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda.

Ushbu yo‘nalishda viloyat hokimi bilan bo‘lib o‘tgan navbatdagi uchrashuvda yoshlar tomonidan taqdim qilingan qator loyihalar bilan tanishildi. Taqdim etilgan “BAZARPLUS” va “ZIYARAT” loyihalari viloyat hokimida qiziqish uyg‘otib, kelgusida ushbu loyihalarni moliyalashtirish va mahalliy bozorga integratsiya qilish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Tanlab olingan “BAZARPLUS” platformasining asosiy maqsadi elektron oziq-ovqat bozorini yaratish hamda iste’molchilarga sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazishdan iborat. “ZIYARAT” mobil ilovasi esa mamlakatimiz turizm salohiyatini yanada rivojlantirishda turistlar oqimini oshirish va ularga qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.