Uzun tumani hokimining Bobotog' hududini kompleks rivojlantirish masalalari bo'yicha o'rinbosari tayinlandi
Xabaringiz bor, Prezidentimizning “2021-2023 yillarda Surxondaryo viloyati Uzun tumani Bobotog' hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida” 2021 yil 17 fevraldagi PQ-4995-son qaroriga muvofiq, Uzun tumani hokimligi tuzilmasida tuman hokimining Bobotog' hududini kompleks rivojlantirish masalalari bo'yicha o'rinbosari lavozimi joriy etildi.
Kecha, 2 mart kuni tuman hokimligida o'tkazilgan faollar yig'ilishida ushbu lavozimga shu kungacha “Yuksalish” umummilliy harakati Surxondaryo viloyati hududiy bo'linmasi rahbari vazifasida ishlab kelgan Narkabilov Alisher Mingkabilovich tayinlanganligi ma'lum qilindi.
A.Narkabilov 1962 yilda Sho'rchi tumanida tug'ilgan. 1989 yilda Toshkent politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti)ni, 1996 yilda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi (O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi)ni tamomlagan.
U mehnat faoliyati davomida turli yillarda Denov shahar hokimining birinchi o'rinbosari, Surxondaryo viloyati hokimligi kotibiyat mudiri, Qiziriq tumani hokimi va boshqa mas'uliyatli lavozimlarda faoliyat yuritgan.
Yig'ilishda Surxondaryo viloyati hokimi To'ra Bobolov ishtirok etdi hamda aholining ehtiyoj va talablarini o'rgangan holda Bobotog' hududini kompleks rivojlantirishga oid belgilangan vazifalar ijrosi haqda so'z yuritdi.