Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda  “Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovning obuna bo‘yicha audiosi. Nima deyapti? Ixtiyoriy-majburiy, hammasi bilan gaplashasan deyaptimi?”  sarlavhasi bilan audiomaterial turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Surxondaryo viloyati hokimligi ushbu holat bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qiladi:

Joriy yilda viloyat hokimi rahbarligida obuna masalasida yig‘ilish, uchrashuv o‘tkazilmagan. Mazkur audioyozuv 2021 yildagi yig‘ilishlardan montaj qilingan.

Surxondaryo viloyati hokimligi “Surxon tongi” va “Zarya Surxana” gazetalariga muassis hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi "Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida"gi  qonunining 14-moddasida muassis zimmasiga yuklatilgan vazifalar qatorida o‘z muassisligidagi ommaviy axborot vositasining chiqarilishini ta’minlash ham bor.

Mamlakatimizda keyingi yillarda hurmatli Prezidentimiz tashabbusi bilan xalqimizning mutolaa madaniyatini yuksaltirish, aholi, ayniqsa yoshlarni kitobxonlikka keng jalb etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, 2020 yil 30 sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida gazeta va jurnallar masalasiga ham alohida to‘xtalib, “Afsuski, biz keyingi yillarda “majburiy obuna” bahonasida ixtiyoriy obunani ham yo‘q qildik. Buning natijasida maktab va oliygohlarning o‘qituvchi va domlalari o‘zlari uchun zarur bo‘lgan gazeta va jurnallardan ajralib qoldi. Shunday ayanchli holga keldikki, hatto ayrim rahbarlar gazeta o‘qimasligi bilan maqtanadigan bo‘ldilar”, deya ta’kidlagan edilar.

Shuningdek, hududlardagi davlat muassasalariga o‘z sohasiga aloqador bosma nashrlarga yillik obuna uchun mablag‘ ham ajratiladi. Viloyat rahbari “majburiy” so‘zini ishlatganida ana shu mablag‘ asosida obuna bo‘lishga e’tibor qaratgan.

“Ixtiyoriy” so‘zini esa o‘z mablag‘lari hisobidan o‘zlari istagan yoki qiziqib mutolaa qiladigan nashrga mustaqil obuna bo‘lishini nazarda tutgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, ayni paytda viloyat hokimligi muassisligidagi “Surxon tongi” gazetasi 9430, “Zarya Surxana” gazetasi 1300 nusxada chop etilmoqda. Tahririyat  ijodkorlari boshqa sohalar qatori ta’lim tizimi xodimlari, hurmatli ustoz va murabbiylar bilan yaqin hamkorlik asosida faoliyat yuritib, gazetalarning deyarli har bir sonida ta’limga oid hamda o‘qituvchi va murabbiylar qalamiga mansub maqolalarni ham chop etib kelmoqda.

Shu o‘rinda, ijtimoiy tarmoq faollaridan “pashshadan fil yasab”  viloyat hokimining fikrlarini noto‘g‘ri talqin qilmaslikni, davriy bosma nashrlar obunasi haqida noo‘rin tushunchaga bormaslikni so‘ragan holda viloyat hokimligi bundan keyin ham barcha sohalar singari vohadagi matbuot va bosma davriy nashrlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ma’lum qilamiz.