Bugun Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari Zulayho Mahkamova va viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov Sherobod tumanida joylashgan Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish departamentining 4-mintaqaviy hududidagi 41-sonli manzil koloniyasida boʼlib, mahkum va mahkumalar bilan uchrashuv oʼtkazdi.
Uchrashuvda mahkum va mahkumalarning jazoni oʼtashda belgilangan tartibda sharoitlar bilan taʼminlanligi toʼgʼrisida fikrlari tinglandi. Jazoni oʼtash davomida oʼzini yaxshi tutgan, namunali xulqga ega mahkumalarga jazoni yengil turiga almashtirish yoki ozod etish toʼgʼrisida sudlarga davo kiritish yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shuningdek, mahkumalarga ozodlikka chiqqach, hayotlarida yoʼl qoʼygan xatolardan toʼgʼri hulosa qilib, sogʼlom turmush kechirish, jamiyatda oʼz oʼrinlarini topishlari lozimligi taʼkidlandi. Buning uchun davlat barcha zaruriy yordamlarni koʼrsatishi maʼlum qilindi.
Uchrashuvda mahkumalarga oziq-ovqat mahsulotlari va zarur gigienik vositalar ham topshirildi.
Shundan soʼng viloyat rahbari mazkur manzil koloniyasida tashkil etilgan ishlab chiqarish korxonasida ham boʼlib, mahkumlarni ish bilan taʼminlash, korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlar sotuvini yoʼlga qoʼyish boʼyicha taklif va tavsiyalarini berdi.