Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʼbek Qosimov Sherobod tumaniga tashrifining keyingi manzilida “Surxon davlat qoʼriqxonasi”da boʼlib, qoʼriqxona faoliyati, tabiatning noyob flora va faunasini asrab-avaylash borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Qoʼriqxonaning umumiy yer maydoni 23,8 ming gektarni tashkil etadi. Hududda 807 ta tur oʼsimlik, shundan 47 tasi noyob tur vakillari hamda 194 ta tur hayvonot, shundan 25 tur noyob tur vakillari mavjud. Viloyat rahbari qoʼrqxonadagi maxsus fotoqopqonlar orqali Buxoro bugʼisi, Buxoro togʼ qoʼyi hamda Morxoʼrlarning yashash tarzini kuzatish ishlari bilan tanishdi.
Noyob jonivorlarning koʼpayishiga zamin yaratish, parvarishlash ishlarini amalga oshirish hamda qoʼriqxona moddiy texnika bazasini rivojlantirish, fotoqopqonlar, fotovideokameralarni koʼpaytirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.