Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlar orqali “14 foizli kredit, ya’ni o‘zini o‘zi band qilish bo‘yicha, limit tuman va mahallarga qaerdan beriladi? Surxondaryo viloyati uchun 2 oydan beri limit yo‘q?” mazmunidagi murojaat e’lon qilindi. Mazkur murojaat yuzasidan Surxondaryo viloyati Markaziy banki quyidagilarni ma’lum qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 31 yanvardagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-39-sonli qaroriga asosan 2023 yilda Surxondaryo viloyatiga yo‘naltiriladigan 1 trln 91 mlrd so‘m mablag‘larning  572 mlrd so‘mi avval berilgan kreditlarning qaytarilishi hisobidan, 278 mlrd so‘mi tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan va 241 mlrd so‘mi vakolatli banklarning resurslari hisobidan ajratiladi.

Shu sababli qarorning 5-bandida mahalliy hokimliklar va tijorat banklariga dasturlar bo‘yicha ajratilgan kreditlarning ularni so‘ndirish grafigiga muvofiq belgilangan muddatlarda qaytarilishi vazifasi yuklatilgan.

Agar hududlarda ushbu kreditlarni so‘ndirish grafigi ijrosi ta’minlanmasa, aynan o‘sha hududlarda har oylik kreditlash hajmlari kreditlarni so‘ndirish grafigi ijrosining bajarilmagan miqdoriga mos ravishda kamaytirilishi belgilangan.

Qarordan kelib chiqib, joriy yilda beriladigan kreditlarning asosiy qismi avval berilgan kreditlarning qaytarilishi hisobiga beriladi, agar kreditlar o‘z vaqtida so‘ndirilmasa, qaytmagan qismiga mos ravishda kredit ajratish imkoniyati cheklanadi.

Shunga ko‘ra, har bir mahalla bo‘yicha avval berilgan kreditlarning so‘ndirilgan qismi hokim yordamchisi tavsiyasiga ko‘ra dasturlar doirasida yangi qarz oluvchiga ajratiladigan kreditlar bo‘yicha resurslar (limitlar)ning asosiy manbasi hisoblanadi.

Surxondaryo viloyatida ohirgi 2 oyda  mahallardagi hokim yordamchilari tomonidan 6 ming 632 nafar aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga 176,5 mlrd so‘mlik tavsiyanomalar berilgan.

Jumladan, iyul oyida 74,9 mlrd so‘m so‘mni tashkil etadi.