Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda Sariosiyo tumanidagi 28-sonli maktab direktori U.T. bilan bog‘liq videolavha e’lon qilindi. Ko‘plab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari muhokamasiga sabab bo‘lgan ushbu holat joriy yil 26 iyul kuni tumandagi 12-sonli maktabda viloyat miqyosida umumta’lim maktablarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash bo‘yicha o‘tkazilgan seminarda kuzatilgan.

Seminarda mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan ajratilgan 11 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga xarid qilingan qurilish materiallarini topshirish va uni maqsadli ishlatish masalalari ko‘rilishi belgilanib, maktablardagi ta’lim-tarbiya sifatini yaxshilash, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, o‘qituvchilarning obro‘sini oshirish, ularni ortiqcha ishlarga jalb etmaslik va turli sabablar bilan ota-onalardan pul yig‘ish holatlariga chek qo‘yish lozimligi ham ta’kidlangan.

Shu o‘rinda, seminar Sariosiyo tumanida bo‘lib o‘tayotganligi sababli, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab e’tirozlar va noroziliklarga sabab bo‘lgan tumandagi 28-sonli maktabdagi salbiy holatlardan xulosa chiqarish zarurligi aytilganida, unda ishtirok etayotgan U.T. jamiyatda o‘zini tutish odob-axloq qoidalariga zid ravishda baqir-chaqir qilib, aytilgan holatlarga o‘zi emas boshqalar aybdorligini bildirib janjal ko‘targan. Shundan so‘ng jamoat tartibini saqlashga mas’ul bo‘lgan Ichki ishlar organi xodimlari uni zaldan olib chiqishgan.

Bir necha yillardan buyon Sariosiyo tumanidagi 28-sonli maktab direktori bilan bog‘liq ko‘plab videolavhalar ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilayotgan bo‘lib, ularda asosan maktab direktorining o‘qituvchi va ota-onalar bilan janjallashayotgani aks etgan, maktab jamoasi va ota-onalar doimiy ravishda video murojaatlar yo‘llab, maktabda muhit yaxshi emasligi, direktorni vazifasidan ozod etish kerakligi, sodir bo‘lgan holatlarni chuqur o‘rganib, huquqiy baho berish lozimligini so‘rab kelishgan.

Hozirda 28-sonli maktab o‘qituvchilari va ota-onalarning murojaatlariga asosan tegishli o‘rganish ishlari olib borilayotganligini, natijalari to‘g‘risida qo‘shimcha axborot berilishini ma’lum qilamiz.