Korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashamiz

Korrupsiya iqtisodiyot rivoji, chinakam qulay tadbirkorlik va investitsiya muhiti uchun eng asosiy to‘siqlardan biridir. Tahlillarga ko‘ra, bu illat jahon iqtisodiyotiga har yili o‘rtacha 2,6 trillion dollar zarar keltiradi.

Dunyodagi korrupsiya darajasini o‘rganuvchi Transparency International xalqaro tashkiloti indeksida O‘zbekiston oxirgi uch yilda 12 pog‘onaga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, hali bu illat barham topmagan.

Kuni kecha Surxondaryo viloyati Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashi kotibi, viloyat Kengashi deputati Saydullo Abduraimov rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Sherobod, Sho‘rchi va Uzun tumanlarida tibbiyot birlashmalari, tijorat banklari “Agrobank”, “Mikrokreditbank” va Xalq banklarida nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur sohalardagi nazorat tadbirida ochiqlik va shaffoflik hamda raqamlashtirish ishlari o‘rganilib, ushbu illatga qarshi kurashishda jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

O‘rganishlar so‘nggida korrupsion holatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan keskin choralar ko‘rish, korrupsion holatlarni oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olish vazifalari berildi.