Surxondaryoda Turkiya kompaniyasi master rejani amalga oshiradi

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Turkiyaning «ND İmar İnşaat ve Ticaret A.Ş.» kompaniyasi rahbari Nadir Do‘g‘an boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida viloyat rahbari O‘zbekiston-Turkiya munosabatlariga to‘xtalib, Prezidentlarimizning tashabbus va say-harakatlari bilan hamkorlikni yanada faollashtirish maqsadida mamlakatlarimiz hududlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri mustahkam aloqalari yo‘lga qo‘yilganligi ta’kidladi. Shuningdek, vohamizda Turkiya bilan hamkorlikda 17 ta qo‘shma va xorijiy korxonalar faoliyat yuritayotganligi, so‘nggi 5 yil mobaynida 58,0 mln dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilganligi qayd etildi.

O‘z navbatida Turkiya kompaniyasi rahbari Surxondaryoda yangi loyihalarni amalga oshirishdan mamnun ekanligini ta’kidlab, Surxondaryo viloyatida ikki bosqichli, 2050-yilgacha 10 mln, 2070-yilgacha 20 mln aholi uchun mo‘ljallangan master-rejani taqdimot qildi. Shuningdek, Termiz shahrining master rejasini ishlab chiqishda ishtirok etish, vohamizdagi xomashyo va yarimtayyor mahsulotlarni tayyor mahsulotga aylantirib, jahon bozorlariga olib chiqish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqish hamda yirik ishlab chiqarish va sanoat zonalarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Yakunda taqdim etilgan loyihalarning texnik va iqtisodiy tomonlarini ishlab chiqish, tomonlarning malakali mutaxassislarini jalb qilgan holda amaliy harakatlarni boshlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.