Murojaat qilish tartibi
1. Axborotdan foydalanuvchi Surxondaryo viloyati hokimligiga murojaatlar og‘zaki, yozma yoxud elektron shaklda bo‘ladi, shuningdek arizalar, takliflar va shikoyatlar murojaatlarning turlari hisoblanadi.
Jismoniy shaxsning murojaatida jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Yuridik shaxsning murojaatida yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Surxondaryo viloyati hokimligiga yuborilayotgan jismoniy va yuridik shaxsning murojaatida davlat organining, tashkilotning aniq nomi, murojaat yuborilayotgan mansabdor shaxsning lavozimi va (yoki) familiyasi (ismi, otasining ismi) ko‘rsatilgan, shuningdek murojaatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak. Murojaatlarda murojaat etuvchilarning elektron pochta manzili, aloqa telefonlari va fakslari raqamlari ko‘rsatilishi mumkin.
Murojaatlar davlat tilida va boshqa tillarda berilishi mumkin. (O‘zbekiston Respublikasi «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonunning 14-moddasi.)
Surxondaryo viloyati hokimligiga yuborilayotgan yozma murojaat murojaat etuvchi jismoniy shaxsning imzosi yoki murojaat etuvchi yuridik shaxs vakolatli shaxsining imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim. Jismoniy shaxsning yozma murojaatini murojaat etuvchining imzosi bilan tasdiqlash imkoni bo‘lmagan taqdirda, bu murojaat uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familiyasi (ismi, otasining ismi) ham qo‘shimcha ravishda yozib qo‘yilishi kerak.
Murojaat etuvchilarning vakillari orqali berilgan murojaatlarga ularning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi shart.
2. Surxondaryo viloyati hokimligiga kelib tushgan murojaat o‘sha kunning o‘zida, ish vaqti tugaganidan keyin kelib tushgan taqdirda esa, keyingi ish kuni ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Murojaatni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Viloyat hokimligida murojaatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish daftari yuritilib, unda murojaatning tartib raqami va kelib tushgan sanasi, murojaat etuvchi jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), yuridik shaxsning nomi, murojaatning qisqacha mazmuni, ijrosi to‘g‘risidagi belgi, shuningdek boshqa ma’lumotlar ko‘rsatiladi. Hozirgi kunda murojaatlar bilan ishlashda elektron hujjat aylanishi tizimi joriy etilgan.
3. Surxondaryo viloyat hokimligida ommaviy qabullar vaqtida tushgan va joyida hal etilgan og‘zaki murojaatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish talab qilinmaydi. Bunda jismoniy shaxsning yoki yuridik shaxs vakilining familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, murojaatning qisqacha mazmuni, shuningdek uni ko‘rib chiqish natijasi ommaviy qabul bayonnomasida ko‘rsatiladi. Murojaatni ro‘yxatdan o‘tkazish va ko‘rib chiqish bo‘yicha ish yuritish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
4. Surxondaryo viloyati hokimligiga kelib tushgan murojaatlar shu organ, tashkilot tomonidan yoki murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha zimmasiga majburiyatlar yuklatilgan mansabdor shaxslar tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Agar murojaatda hokimlikning bir nechta tarkibiy bo‘linmalariga taalluqli masalalar mavjud bo‘lsa, ularning barchasi murojaatni ko‘rib chiqish bo‘yicha ijrochilar etib belgilanadi. Ijrochilar o‘rtasida birinchi ko‘rsatilgan tarkibiy bo‘linma murojaatning ko‘rib chiqilishini boshqa tarkibiy bo‘linmalar bilan birgalikda ta’minlaydi.
5. Murojaatni to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqish uchun qo‘shimcha ma’lumotlar, ma’lumotnomalar va materiallarga zarurat paydo bo‘lgan taqdirda, mazkur murojaatni ko‘rib chiqayotgan davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari murojaat etuvchidan, shuningdek o‘z vakolatlari doirasida boshqa davlat organlaridan, boshqa tashkilotlardan va mansabdor shaxslardan qo‘shimcha axborotni so‘rab olishi mumkin. Agar axborot davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, davlat organlari, tashkilotlar va mansabdor shaxslar o‘zlaridan so‘ralayotgan axborotni o‘n kun ichida taqdim etiladi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqayotgan davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari zarur hollarda, murojaatning joyning o‘ziga borib ko‘rib chiqilishini ta’minlashi mumkin.
Agar murojaatda qo‘yilgan masalalar xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatiga daxldor bo‘lsa, ularning vakillari murojaatlarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish uchun davlat organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida jalb etiladi.
Agar murojaatni ko‘rib chiqishda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning faoliyatini tekshirish, shu jumladan moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish (taftish qilish) zarurati yuzaga kelsa, tekshirish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Murojaatga javobni Surxondaryo viloyat hokimi yoki hokimlikning mansabdor shaxsi imzolaydi.
7. Ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi Surxondaryo viloyat hokimligiga kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa, bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.
8. Surxondaryo viloyat hokimligida quyidagi murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi:
anonim murojaatlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar, ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda;
Jismoniy va yuridik shaxs vakilining vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi sababli murojaatlar ko‘rmay qoldirilganligi to‘g‘risida murojaat qiluvchi tegishli tartibda xabardor qilinadi.
9. Surxondaryo viloyat hokimligida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha mas’ul shaxs – Doniyorov Bahodir Berdibayevich, viloyat hokimligi ishlar boshqarmasi bosh mutaxassisi.
Manzil: 190100, Surxondaryo viloyati, Termiz shahri, At-Termiziy ko‘chasi,1-uy.
Telefon: (76) 224-02-89, 1088