Surxondaryoda Ichki ishlar idoralarining bir guruh xodimlari viloyat hokimining faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi
Yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikning barqarorligi iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotning, xalqimiz farovonligining ishonchli kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda. Bunda ichki ishlar idoralari xodimlarining ham alohida o‘rni bor.
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari xodimlari kuni keng nishonlanayotgani ushbu mas’uliyatli kasb sohiblariga bo‘lgan e’tiborning yorqin namunasidir. Ushbu sana munosabat bilan Termiz shahridagi Sanat saroyida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda ichki ishlar idoralari xodimlari va faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari, huquq-tartibot idoralari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimi To‘ra Bobolov keyingi yillarda ichki ishlar organlari xodimlariga yaratilayotgan sharoitlar va erishilayotgan natijalarni alohida ta’kidlab, soha xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi.
Qayd etildiki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ichki ishlar organlarini tubdan isloh qilib, sohani chinakam xalqparvar tuzilmaga aylantirishga qaratilayotgan e’tibor tinch, osuda hayotimizni ta’minlashda o‘z samarasini bermoqda. Yurtimizda jamoat tartibi va xavfsizlikni ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, boshqa muhim vazifalarni amalga oshirishda ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Xususan, viloyat hududida 100 ming aholiga nisbatan o‘rtacha 115,5 tadan jinoyat to‘g‘ri kelib, bu ko‘rsatkich Respublika bo‘yicha ijobiy 3-o‘rinda.