To‘ra Bobolov Boysunning eng olis mahallalaridan birida bo‘ldi
Voha markazidan 150 km uzoqlikdagi Boysun tumanining Xo‘jaidod mahallasiga viloyati hokimi To‘ra Bobolov hamda viloyat sektor rahbarlari tashrif buyurdi.
Tashrif avvalida, viloyat hokimi joriy yilning 2 noyabr kuni Prezident raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida shaharlar, tuman markazlari hamda aholi punktlarida ekologik vaziyat va havo tozaligini yaxshilash maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha berilgan topshiriqqa asosan, tashkil etilgan ko‘chat ekish jarayonlarida ishtirok etdi.
Shundan so‘ng, tog‘ bag‘ridagi Xo‘jaidod mahallasida bo‘lib, 50 qatnovga mo‘ljallangan Qo‘rg‘oncha qishloq shifokorlik punktining foydalanishga topshirilishiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etdi.
Shifokorlik punkti 2 mlrd 140 mln so‘m mablag‘ evaziga dastur asosida qayta qurildi. Bu yerda oliy toifali, o‘rta, kichik tibbiy 22 nafar tibbiy hamda 8 nafar ishchi xodimlar Duoba, Xo‘jaidod, Dehibolo va O‘rmonchi mahallalaridagi 6167 nafar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi.
Viloyat hokimi «Obod qishloq» dasturi asosida rekonstruksiya qilingan 18-sonli maktab binosida yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi. U yerda o‘quvchilar bilan suhbatda bo‘lib, ularning fikrlarini tingladi. Tashrif davomida maktab fondiga kitoblar jamlanmasi topshirildi.
Shundan so‘ng, viloyat hokimi To‘ra Bobolovning sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat sektor rahbarlari, aloqador boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Sayyor qabulda Duoba, Xo‘jaidod, Dehibolo va O‘rmonchi mahallalar faollari viloyat hokimiga ichimlik suvi, yo‘l va ko‘prik qurish hamda Oliy ta’lim muaassasalarining tibbiyot yo‘nalishida tahsil olish uchun mahalla yoshlariga kvota ajratish kabi masalalarda murojaat qilishdi. Murojaatlarning aksariyati joyida hal etildi, ijrosi ma’lum muddat talab etadigan masalalar yuzasidan mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga qonuniy hal etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Ma’lumot o‘rnida Xo‘jaidod mahallasida 2021 yil «Obod qishloq» davlat dasturi asosida, 14 km ichki yo‘llar shag‘allanib, ijtimoiy soha obyektlariga optik tolali aloqa tarmoqlari tortildi,18, 44 – sonli maktablar rekonstruksiya qilindi va 44-sonli maktab filiali yangidan qurildi. Shuningdek, 2 dona yangi transformator o‘rnatilib, 6 kmdan ziyod elektr simlari yangilandi va aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 15,5 km suv quvurlari yotqizildi.