To‘ra Bobolov tadbirkorlarni qabul qilib, ularning muammolarini bartaraf etish choralarini ko‘rdi
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi turmush darajasini yaxshilash, real daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu bois Surxondaryo viloyatida ham tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda, ular faoliyatida yuzaga kelayotgan muammo va to‘siqlarni tezkor bartaraf qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Viloyat hokimi To‘ra Bobolovning bugun, 30 yanvar kuni o‘tkazilgan “Tadbirkorlar qabuli”da ham 70 nafardan ortiq xususiy sektor vakillarining murojaatlari, taklif va tashabbuslari atroflicha o‘rganildi.
Qabulda tadbirkorlar o‘zlarini qiynayotgan masalalar bo‘yicha viloyat hokimiga murojaat qilishdi. Bu murojaatlarning aksariyati joyida hal etilgan bo‘lsa, yechimi ma’lum vaqt talab etadigan masalalar bo‘yicha soha mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatildi.
Xususan, Muzrabot tumanidagi “Nur bog‘ bek” fermer xo‘jaligi rahbari N.Chorievga baliqchilikni rivojlantirish, Termiz tumanidagi “Imon islom agro eksport” MChJ rahbari B.Bobomuhammedovga zamonaviy issiqxona qurish uchun yer maydonlari ajratiladigan bo‘ldi.
Termiz shahridagi “Assomxon Sh.” xususiy korxonasi rahbari Elbek Poyonovga buzilgan savdo do‘koni binosi uchun kompensatsiya pulini to‘lab berish, Muzrabot tumanidagi “Aminov G‘olib” fermer xo‘jaligi rahbari D.Ergashevga bajarilgan yer haydash va tekislash ishlari uchun xizmat mablag‘ini undirishda amaliy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida mas’ullarga topshiriqlar berilib, ijrosi viloyat hokimi tomonidan shaxsan nazoratga olindi.