Surxondaryoda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlar muammosi qanday hal etiladi?
Termiz shahridagi “Yoshlar markazi”da Prezidentimizning oʼtgan yil dekabrь oyidagi Oʼzbekiston yoshlari forumidagi nutqi hamda joriy yil 27 yanvardagi yoshlar bandligini taʼminlash va boʼsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan oʼtkazgan videoselektor yigʼilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosiga bagʼishlangan seminar boʼlib oʼtdi.
Surxondaryo viloyatida mazkur topshiriqlarni soʼzsiz bajarish uchun “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlar bilan ishlash, bandligini taʼminlash, ular oʼrtaga tashlayotgan masalalar yechimiga tezkor koʼmaklashish maqsadida “Yoshlar markazi”da viloyat shtabi tashkil etildi. Shtabga biriktirilgan tashkilot va muassasalarga aniq vazifalar belgilab berildi. Shunga muvofiq endilikda yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʼqitish, “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyili asosida ishsiz yoshlarni biriktirish va ularning bandligini taʼminlash, yangi loyihalarni tashkil etish va korxonalar faoliyatini qayta tiklash orqali yoshlar uchun ish oʼrinlari yaratish, yoshlarning tadbirkorlik va hunarmandlik loyihalariga kredit ajratish orqali ish oʼrinlari barpo etish, xoʼjalik yurituvchi subьektlardagi boʼsh ish oʼrinlari hisobiga yoshlar bandligini taʼminlash kabi yoʼnalishlarda tizimli ishlash yoʼlga qoʼyilmoqda.
“Har bir yoshga bir gektar” loyihasi hamda tomorqalardan unumli foydalanishni tashkil etish orqali yoshlar bandligini taʼminlash, “Yoshlar tadbirkorlik zonasi”ni barpo etib, yigit-qizlarni ish bilan band qilish, tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi orqali yoshlarni ijtimoiy-qoʼllab-quvvatlash, “Yoshlar daftari” ga kiritilgan yigit-qizlarni qoʼllab-quvvatlash uchun mablagʼ shakllantirish, ularni madaniyat markazlari, sport maktablari va umumtaʼlim maktablarida qoʼshimcha toʼgaraklarga jalb etishga eʼtibor kuchaytirilayotir.
Viloyat shtabiga masʼul tashkilot va idoralardan biriktirilgan xodimlar oʼz yoʼnalishlari boʼyicha sektorlarda amalga oshirilgan ishlarning kunlik aniq maʼlumotlarini olib umumlashtiradi. Tuman va shahardagi quyi tizimda ham xuddi shunday ish tashkil etadi. Muammoga duch kelayotgan yoshlar roʼyxatini shakllantirib, viloyat shtabiga yetkazadi.
Seminarda Oʼzbekiston yoshlar ishlari agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshligʼi Sherzod Olimov bu boradagi ishlarni tashkil etish yuzasidan taqdimot qildi.
Аyni paytda viloyatda 500 mingdan ortiq 18 yoshdan 30 yoshgacha boʼlgan yigit-qiz istiqomat qilmoqda. Hozirgacha mahallabay orqali uyma-uy yurilib, ularning 421 mingtasi xatlovdan oʼtkazildi. 88 mingdan ziyod yoshlar “Temir daftar”ga kiritildi. Taqdimotda “Temir daftar”ga kiritilgan yoshlar bilan ishlash, ularni qoʼllab-quvvatlash, daftardan chiqarish tartib-taomillari haqida atroflicha maʼlumot berildi.
–Xalqimizda bir bolaga yetti mahalla ota-ona, degan purmaʼno gap bor, – deydi Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining Surxondaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri А.Eshmurodov. – Lekin, biz yoshlarimiz tarbiyasida, bandligini taʼminlashda loqaydlikka yoʼl qoʼyganimiz oqibatida ular muammolar qurshovida qolmadimi? Endi bu haqda jiddiy oʼylab koʼrishimiz kerak. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlar bilan ishlashda befarqlikka yoʼl qoʼymasligimiz lozim. Befarqligimiz vaqti kelib, oʼzimizga qaytadi. Bu – qaytar dunyo. Davlatimiz rahbarining yoshlar muammolariga tez-tez eʼtibor qaratayotganida ana shunday chuqur maʼno bor. Bu ishda befarqlikka yoʼl qoʼygan, xato qilgan rahbar kechirilmaydi. Vaholanki, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlar muammolari yechimiga barchamiz masʼul ekanimizni unutmasligimiz kerak.
Seminarda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi. Tashkilot va idoralar rahbarlari viloyat shtabida yaratilgan sharoitlar va uning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz