Tailandliklar Zurmala buddizm yodgorligini ta'mirlaydi
O'tmishda barpo etilgan noyob inshootlar umumjahon budda madaniyatiga qo'shilgan ulkan hissa ekani haqida fikr almashildi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig'i Z.Namozov, viloyat hokimining turizm va sport masalalari bo'yicha maslahatchisi J.To'rayev va Tailand davlati Nakxonratchasima provintsiyasi Bosh rohibi Prakru Tavorn Kijjarak, Tailand buddistlar jamiyati vakili, Markaziy Osiyo buddizm davri tarixini tadqiqot etuvchi olim, O'zbekistonning buddaviylik ob'ektlari mavjud Surxondaryo viloyatiga turlar tashkil etishga mas'ul Pxansak Bunyasopxonpxong o'rtasida “Turizm yo'nalishidagi muhim buddaviy madaniy yodgorliklar” mavzuiga bag'ishlangan videokonferentsaloqa shaklidagi uchrashuv bo'lib o'tdi.
O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va O'zbekistonning Tailanddagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Surxondaryo viloyati qadimgi Kushonlar saltanatiga oid buddizm yodgorliklari bilan ham dunyo sayyohlarida katta qiziqish o'yg'otayotgani ta'kidlandi. O'tmishda barpo etilgan noyob inshootlar umumjahon budda madaniyatiga qo'shilgan ulkan hissa ekani haqida fikr almashildi.
Onlayn uchrashuvda tailandlik ishtirokchilar Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Z.Alimardanovaning Surxondaryo viloyati turizm salohiyati va vohadagi buddizm arxeologik yodgorliklari to'g'risidagi taqdimoti bilan tanishdi.
Dalvarzintepa, Fayoztepa, Zurmala, Kampirtepa kabi arxeologik yodgorliklar bilan atroflicha tanishtirdi.
– Zurmala melodiy 2-3, Fayoztepa va Qoratepa 1-2 asrlarda qurilgan. Zurmala stupasi buddaviylikning muqaddas joyi hisoblanib, gumbaz ostiga buddizmga oid kitoblar, haykalchalar va boshqa tabarruk narsalar saqlangan. Vixara tipidagi buddaviylik monastir-ibodatxonasi bo'lgan Fayoztepa uch qismdan iborat monumental inshootdir. Qoratepa esa budda – g'or ibodatxonasi bo'lib, bu yerda topilgan moddiy – ma'naviy va badiiy artefaktlar Termiz, Baqtriya va Markaziy Osiyoda buddaviylik tarixi uchun katta ahamiyat kasb etadi, – deydi Z.Alimardonova. – Bu inshoot jahon qadimshunoslariga buddaviylikning Markaziy Osiyo janubiga kirib kelish vaqtini, uning bu yerda rivojlanish xususiyatlarini aniqlash, Baqtriyaning qo'shni mintaqalardagi buddaviylik badiiy markazlari, birinchi navbatda, gandxara maktabi bilan madaniy aloqalarini kuzatish imkonini bergani bilan ham ahamiyatlidir.
– Surxondaryoda bir necha marta bo'lganman, – deydi janob Pxansak Bunyasopxonpxong. – Har safar bu yurtga kelganimda o'zimni Tailandda yurgandek his etaman. Bizning moddiy madaniyatlarimiz bir-biriga juda o'xshashligi ham o'tmishdagi tariximiz mushtarak ekanidan guvohlik beradi.
Surxondaryo viloyatida o'tmishdan o'nga yaqin buddaviylik arxeologik yodgorligi saqlanib qolgan.
Do'stona muloqot shaklida o'tgan videouchrashuvda tailandliklar Zurmala stupasini ta'mirlash istagi borligini, yoz faslida bir guruh sayyohlar Surxondaryoga kelib mazkur yodgorliklar bilan tanishishga qiziqish bildirganini ma'lum qildi. Arxeologik yodgorliklar to'g'risida tay tilida kitoblar chop etishga kelishildi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig'i Z.Namozov, viloyat hokimining turizm va sport masalalari bo'yicha maslahatchisi J.To'rayev, Tailand davlati Nakxonratchasima provintsiyasi Bosh rohibi Prakru Tavorn Kijjarak qiziqarli muloqot uchun videouchrashuv tashkilotchilariga chuqur minnatdorlik bildirib, o'zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish yo'llarini belgilab oldi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz