Qiziriqda 56 nafar yoshga 50 sotixdan yer maydoni ajratildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning bugungi tashrifi Qiziriq tumanidan boshlandi. Tashrif dasturida mahalla “yettiligi” faoliyati, aholining dehqonchilik tajribasi bilan tanishish hamda yoshlar bilan uchrashib, ularga yer maydonlari ajratish tadbirlari o‘rin oldi.

Birinchi manzilda “Navro‘z” mahallasi “yettiligi” va tuman bo‘limlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar taqdimot qilindi. Shuningdek, mahallada yashovchi dehqon Bahodir Pardaevning xonadonida issiqxonada bulg‘or qalampiri yetishtirish faoliyati bilan tanishildi. Viloyat rahbari tadbirkor bilan faoliyati va tomorqadan olayotgan daromadi haqida suhbatlashdi. Mas’ullarga ushbu tajribani ommalashtirish, aholini yerdan samarali foydalanishga o‘rgatish vazifasi topshirildi.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari shu mahallaning o‘zida 56 nafar yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ularning bandligini ta’minlash maqsadida 50 sotixdan, 28 gektar yer maydoni ajratib berildi. Mazkur yer maydoni poliz mahsulotlari yetishtirish uchun qulay tuproq unumdorligiga ega ekanligi qayd etildi. Shuni inobatga olgan holda, “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida poliz mahsulotlari yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, tajribaga ega agronom biriktirib, yoshlarni yerdan samarali foydalanishga o‘rgatish ko‘rsatmasi berildi.

Shuningdek, mahallaning o‘zida sarimsoq piyoz yetishtirayotgan xonadonda ham bo‘lindi. Viloyat rahbari mahallaning hamjihatligi, hokim yordamchisining tashabbuskorligini e’tirof etdi. Mahalla aholisi “Tashabbusli budjet” loyihasidan samarali foydalanib, infratuzilmani yaxshilash ishlarini amalga oshirishgan.

Keyingi manzilda viloyat rahbari “Yangikent” mahallasida yashovchi fuqaro, zamonaviy usulda qulupnay va ko‘chat yetishtirayotgan Sherboy Xudoyorov xonadonida bo‘ldi. Avvallari migrantda yurgan fuqaro yerdan samarali foydalanayotgani sababli xorijda ishlab topgan pulidan ko‘ra ko‘proq daromad qilganligini ta’kidladi. Mutasaddilarga ushbu tajribani ham ommalashtirish, tadbirkorning issiqxonachilik faoliyatini kengaytirish uchun amaliy yordam ko‘rsatish topshirildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.