Ulug‘bek Qosimov: “Olimpiada chempionini tayyorlagan murabbiylarga xonadon, jahon chempionini tayyorlagan murabbiylarga avtomobil topshiriladi”

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov o‘zining haftalik ish rejasiga muvofiq ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, mahallalarda belgilab berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishish maqsadida Angor tumaniga tashrif buyurdi.

Viloyat rahbari dastlab, “Navshahar” mahallasida avvalgi tashriflarda belgilab berilgan topshiriqlar ijrosi, “yettilik” faoliyati bilan tanishdi. Mahallada topshiriqqa asosan, ichki yo‘llar asfaltlanmoqda, ko‘chalar obodonlashtirilib, daraxt ko‘chatlari ekilgan, ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida tikuv dastgohlari tarqatilgan, patronaj xizmati “Surxondaryo tajribasi” asosida yo‘lga qo‘yilgan.

Mahalla nuroniylari va faollari amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida aholi turmush farovonligi yaxshilanganini ta’kidlab, davlatdan minnatdor ekanliklarini bildirishdi. Viloyat rahbari mutasaddilarga boshqa mahallalarda ham ishlarni shu tartibda tashkil etish, bunda, birinchi navbatda og‘ir hudud toifasidagi mahallalarga e’tibor qaratish topshirig‘ini berdi.

Keyingi manzilda, 24-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ta’lim-tarbiya jarayonlarining borishi, yaratilgan sharoitlar hamda gimnastika to‘garagi faoliyati bilan tanishildi. Bolajonlarga yoshlikdan gimnastikani o‘rgatish uchun yaratilgan sharoitlar viloyat rahbari tomonidan e’tirof etildi va ushbu namuna asosida boshqa bog‘chalarda ham to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Shuningdek, tuman bolalar sport maktabida murabbiylar va sportchi yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Viloyat rahbari Olimpiada chempionini tayyorlagan murabbiylarga xonadon, jahon chempionini tayyorlagan murabbiylarga esa avtomobil kalitlari topshirilishini ta’kidladi. Uchrashuvda vohalik jahon chempioni Rinata Ilmatovaga pul mukofoti sertifikati topshirildi. Unga keyingi musobaqalarda omadlar tilandi.

Viloyat hokimi murabbiylarga yoshlarni sportga keng jalb qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar, sportchilarga esa o‘z ustilarida qattiq ishlab, natija ko‘rsatish bo‘yicha tavsiyalarini berdi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.